Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mudhish qotillik sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan qonun posbonlari huzuriga keldi

Mudhish qotillik sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan qonun posbonlari huzuriga keldi

Foto: Reuters

Fransiyaning Sen-Loran-syur-Sevr shahrida Olive Mer ismli keksa ruhoniy o‘ldirildi. Politsiyachilarga qotilni topish mashaqqat tug‘dirmadi, chunki jinoyatchi o‘z oyog‘i bilan jandarmeriyaga kelib, qilmishini bo‘yniga oldi. Bu shaxs ruandalik 40 yoshli qochqin Emmanyuel Abaisenga bo‘lib chiqdi.

Huquq posbonlari gumondorni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirgan. Xabarlarga ko‘ra, E.Abaisenganing ruhiy holati uni qamoqda saqlashga izn bermaydi.

Katolik diniga e’tiqod qiluvchi qochqin o‘tgan yili ham jinoyatga qo‘l urgan: Nant shahridagi ibodatxonaga o‘t qo‘ygan. 2020 yil 18 iyul kuni ro‘y bergan yong‘in oqibatida gotik uslubdagi obida jiddiy talafot ko‘rgan. Ma’lum bo‘lishicha, ruandalik qochqin bir necha yil davomida Nant ibodatxonasida dastyorlik qilib kelgan. Uning Fransiyada yashab qolish haqidagi arizasi uzil-kesil rad etilgach, g‘azab ustida ibodatxonaga o‘t qo‘ygan. Qochqin maqomidagi E.Abaisenga migratsiya idorasiga o‘zini qatliom (genotsid) qurboni deb tanishtirib yolg‘on ma’lumot taqdim etgan. Aslida esa Ruanda politsiyasida faoliyat yuritgan bu shaxs farovon hayot istab Yevropaga kelgan.

Ibodatxonaga o‘t qo‘yish aybi bilan bir muddat qamoqda o‘tirgach, u mamlakatni tark etmaslik va o‘z vaqtida tergov idoralariga uchrash sharti bilan, tilxat asosida ozodlikka chiqarilgan. U dastlabki jinoyati uchun 10 yilgacha qamalishi mumkin edi. Bu orada yana bir mudhish jinoyatni sodir etgan.

Xorijlik fuqaroning ketma-ket ikki jinoyatga qo‘l urgani, huquq idoralari qotillikning oldini ola bilmagani Fransiya jamoatchiligi hamda muxolifatning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, hukumatning migratsiya siyosatiga qarshi bo‘lgan «Milliy front» partiyasi yetakchisi Marin Le Pen vaziyatdan foydalanib, yana bir karra Makron ma’muriyatining qochqinlarga doir dasturini tanqid qildi.

«Fransiyada noqonuniy yurgan shaxs Nant ibodatxonasiga o‘t qo‘ysa-da, badarg‘a qilinmadi. Mana oqibat: u ruhoniyni ham o‘ldirdi.  Mamlakatimizda ro‘y berayotgan voqealar favqulodda xatarlidir va bu hukumat hamda Jerald Darmanen (Ichki ishlar vaziri nazarda tutilmoqda – tahr.) yanglish yo‘lda ekanining isbotidir», – deb yozdi millatchilik ruhidagi chiqishlari bilan tanilgan Marin Le Pen. 

So‘l kayfiyatdagi «Yengilmas Fransiya» partiyasi rahbari Jan-Lyuk Melanshon ham bu holni nomaqbul deb atadi.

«Ibodatxonaga o‘t qo‘ygan jinoyatchi nega kuzatuvga olinmadi? Axir, uning ruhiyati beqaror ekani ma’lum edi-ku!»  – dedi u.

Voqea joyiga borgan mamlakat ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen jamoatchilikning e’tirozlariga javoban ruandalik shaxs tergov berayotgani sabab uni mamlakatdan badarg‘a qilish imkonsiz bo‘lganini ma’lum qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring