Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Meksikada shahar hokimi va yana 17 kishi otib ketildi

Meksikada shahar hokimi va yana 17 kishi otib ketildi

Foto: The Sun Daily

Meksikaning Gerrero shtatida qurollangan shaxslar tomonidan San-Migel Totolapan shahri meriyasiga hujum uyushtirildi.

Oqibatda mer (shahar hokimi) Konrado Mendosa Almeyda va yana 17 kishi otib o‘ldirilgan. Ikki kishi jarohatlangan.

Mudhish hodisa joyida olingan foto va videolarda hokimlik binosi devorlari ko‘p o‘q uzilganidan ilma-teshik bo‘lib ketganini ko‘rish mumkin.

Gerrero shtati prokurori Sandra Lus Valdovinos bayonot berishicha, halok bo‘lganlardan biri merning otasi, shaharning sobiq meri bo‘lgan. Qolganlardan farqi, uni uyida o‘ldirishgan.

Qurolli qirg‘inda mahalliy «Los Tekileros» to‘dasining qo‘li borligi gumon qilinyapti.

Xabarda aytilishicha, ushbu hujum Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador mamlakatda qurolli zo‘ravonlikka barham berish siyosatini o‘zgartirib, tartibni saqlash uchun politsiya emas, balki ko‘proq armiyadan foydalanishga qaror qilganidan so‘ng yuz bergan. San-Migel Totolapandagi xunrezlik bilan bir kunda poytaxt Mexiko janubidagi Kuernavaka shahrida mototsiklli ikki shaxs deputat Gabriela Marinni otib ketishdi.

Mamlakatda adolat o‘rnatish, korrupsiya, jinoyatchilikni kamaytirish uchun kurashayotgan prezident Obrador davrida o‘ldirib ketilgan merlar soni 18 nafar, deputatlar soni 8 nafarga yetdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring