Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Manfred Huterer: Germaniya xalqaro maydonga qaytdi!..

Manfred Huterer: Germaniya xalqaro maydonga qaytdi!..

Elchi Manfred Huterer

Germaniya federal kansleri sifatida ish boshlagan Fridrix Mers hamda yangi hukumat jadal ravishda mamlakat va dunyo oldida turgan muhim muammolarni hal etishga kirishadi. Bu haqda Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manfred Huterer 7 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirdi.

«Germaniya xalqaro maydonga qaytdi! Yangi federal kansler Fridrix Mers boshchiligidagi hukumat nafaqat Germaniya ichki hayoti, balki global masalalar yuzasidan ham yechimlar taklif etishga kirishadi», – dedi Manfred Huterer Germaniyada yangi ma’muriyat shakllanishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Germaniyada hukumat almashuvi ortidan Berlinning O‘zbekistonga munosabati o‘zgaradimi? Elchi ushbu masalaga ham oydinlik kiritdi.

«Ma’lumki, Fridrix Mers yetakchiligidagi XDI/XSI (Xristian-demokratik ittifoq va Xristian-sotsial ittifoq) bloki endilikda sobiq kansler Olaf Shols boshchiligidagi Sotsial-demokratik partiya (SDP) bilan koalitsiya tuzgan. Demak, yangi hukumatdan ko‘p masalalarda davomiylik kutiladi. Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan munosabatlarda ham davomiylik ta’minlanadi. Iqtisodiyot, siyosat, diplomatiya, madaniyat, umuman, barcha sohalarda izchil o‘sish davom etadi», – dedi diplomat.

Qayd etilishicha, migratsiya va mehnat bozorini malakali ishchilar bilan ta’minlash Toshkent va Berlin munosabatlarining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi mumkin.

«Federal kansler Olaf Sholsning 2024 yil sentyabr oyidagi tashrifi mobaynida Samarqandda O‘zbekiston va Germaniya Federativ Respublikasi hukumatlari o‘rtasida Migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Yangi hukumat tarkibidagi partiyalarning koalitsion bitimida ham Germaniya uchun malakali ishchilar zarurligi alohida qayd etilgan. O‘zbekiston salohiyatli va mehnat etikasi yuqori mutaxassislarga ega. Bu yo‘nalishda ham aloqalar yanada rivojlanadi degan umiddaman», – dedi elchi.

Prezident Shtaynmayyer F.Mersni rasman kansler etib tayinladi.
Foto
: dpa

Ta’kidlanishicha, 2021 yildan buyon O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar ikki baravarga o‘sdi, 2024 yilda o‘zaro savdo aylanmasi bir milliard dollarga yetdi.

Germaniya O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash uchun 700 mln yevro ajratgan. Ushbu mablag‘ barqaror taraqqiyot, mas’uliyatli boshqaruv, sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlardagi loyihalar uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Avval xabar berganimizdek, Germaniyada joriy yil 23 fevral kuni muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan saylovda XDI/XSI bloki 28,5 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.

Ushbu g‘alaba konservativ blok rahbari, 69 yoshli siyosatchi Fridrix Mersga kanslerlikka yo‘l ochdi.
Hukumatni shakllantirish uchun o‘ng markazchi XDI/XSI bloki so‘l markazchi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi bilan koalitsiya tuzdi.

Kecha, 6 may kuni Germaniya parlamenti (Bundestag) ikkinchi urinishda Fridrix Mersni kansler lavozimiga tasdiqladi. Takroriy ovoz berish chog‘ida Mers uchun 325 deputat ovoz berdi, minimal talab 316 nafarni tashkil etardi.

Bundestagdagi saylov ortidan Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Fridrix Mersni rasman kansler etib tayinladi.

Shu tariqa 2021 yildan beri hukumat boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Olaf Shols o‘rnini Fridrix Mers egalladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring