Koronavirusdan 170 ming amerikalik vafot etdi. Bu borada bosh aybdor topildi
AQShning sobiq rahbari Barak Obama amaldagi prezident Donald Trampga nisbatan jiddiy ayblovlarni ilgari surdi. An’anaga ko‘ra, sobiq prezidentlar vorislarini ochiqdan-ochiq tanqid qilmaydi. Ammo Obama ushbu an’anani chetlab o‘tdi.
AQSh demokratik partiyasining onlayn s’yezdida nutq irod qilgan Obama Tramp boshqaruvi davrini masxarabozlik, yolg‘on, tubanlik kabi so‘zlar bilan sifatladi.
«U o‘z vazifasini sidqidildan bajarish uchun jon koyitmadi. Jamiyatning boshini qovushtirishga harakat ham qilmadi», — dedi Barak Obama.
Qayd etilishicha, Tramp boshqaruvi davrida Qo‘shma Shtatlar xalqaro maydonda nufuzini boy berdi, demokratik institutlar ham tahdid ostida qoldi.
AQSh koronavirus pandemiyasi davrida eng ko‘p qurbon bergan mamlakat bo‘lib turibdi: 170 ming kishi ushbu xastalikdan vafot etdi. Barak Obama bu borada ham vorisini aybladi. Sobiq prezidentga ko‘ra, Trampning uquvsizligi va mas’uliyatsizligi sabab kasallik bu qadar avj olib ketdi.
Iddao qilinishicha, Tramp davlat rahbari lavozimidan o‘zi va boyvachcha do‘stlari manfaati yo‘lida foydalandi.
Barak Obama fikricha, Oq uyning amaldagi sohibi prezidentlikni shou-tomoshaga aylantirib yubordi.
Qo‘shma Shtatlarga 2009—2017-yillarda rahbarlik qilgan Obama amaldagi ma’muriyatni ko‘pdan beri tanqid qilib keladi. 2016-yilgi saylovoldi kampaniyasi davridayoq o‘rniga Trampning saylanishini o‘ziga nisbatan haqorat deb qabul qilishini aytgan.
O‘z navbatida, Donald Tramp ham salafini keskin ayblovlar bilan «siylab» turadi. Obamaning so‘nggi tanqidi ham javobsiz qolmadi. Matbuot anjumanida ushbu masalaga munosabat bildirgan Tramp Obamani uquvsizlik, ishning ko‘zini bilmaslikda aybladi. Trampga ko‘ra, Obama o‘zidan «dahshatli» meros qoldirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter