«Ko‘cha»ga aloqador 180 dan ziyod davlat mulozimi ishdan bo‘shatildi
Qirg‘izistonda 180 dan ziyod davlat idoralari xodimlari «qonundagi o‘g‘ri» Qamchibek Asanbek va mafiya guruhi yetakchisi Rayimbek Matraimovga aloqadorligi vajidan ishdan bo‘shatildi.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga (MXDQ) ko‘ra, tezkor tadbirlar jarayonida turli maqomdagi 226 nafar davlat xizmatchisi jinoyat va mafiya olami bilan yashirin rishtalarga ega ekani aniqlangan, ulardan 180 dan ziyodi ishdan chetlatilgan.
Bojxona tizimida 85 nafar, ichki ishlar vazirligi tizimida 26 nafar xodim jinoiy to‘dalarga aloqadorligi aniqlangan. Vazirliklar, mahalliy kengashlarda ham shunday holatlar qayd etilgan.
Mamlakat maxsus xizmatlari davlat idoralarini nomunosib kadrlardan tozalash ishlari davom ettirilayotganini bildirgan.
Keyingi ikki oy ichida Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlar va «ko‘cha»ga qarshi keskin kurash kuzatilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 4 oktyabr kuni huquq idoralari Bishkekda o‘tkazgan amaliyot chog‘i MDH mintaqasida ham otning qashqasidek taniqli bo‘lgan jinoiy avtoritet Qamchibek Asanbek (Qamchibek Kolbayev) o‘ldirilgan. Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, «qonundagi o‘g‘ri» qarshilik ko‘rsatgani sababli otib tashlangan.
Qirg‘iziston MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev mamlakatdagi uyushgan jinoiy guruh vakillarini keskin ogohlantirgan.
«Endilikda mamlakatimizda «qonundagi o‘g‘ri»lar, uyushgan jinoiy guruh va to‘da rahbarlariga o‘rin yo‘q!» – deb bayonot bergan u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter