Kim Chen In taktik yadro bo‘linmalarining harbiy tayyorgarligini ko‘zdan kechirdi
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In taktik yadro quroli bo‘linmalarini tayyorlash bo‘yicha mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA).
Agentlikka ko‘ra, u 25-sentyabrdan 9-oktyabrgacha bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotlarda ishtirok etgan.
«Bu harbiy mudofaaning operativ tayyorgarligi sinovi va shu bilan birga, davlat yadroviy mudofaa tizimining ishonchliligi va tayyorligini isbotlaydi», – deya Kim Chen In so‘zlarini keltiradi KMTA.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi mashg‘ulotlar Shimolning yadroviy javobga tayyorligi borasida «aniq ogohlantirish va namoyish etish»ga xizmat qilgan.
Qayd etilishicha, Kim Chen In AQSh va Janubiy Koreya bilan muzokaralar olib borishdan manfaatdor emasligini ham ochiq aytgan.
«Bizda dushmanlar bilan muloqot qilish uchun asos yo‘q va biz bunga ehtiyoj sezmaymiz», – degan Shimoliy Koreya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi paytlarda Koreya yarim orolidagi keskinlik kuchaygan. Pxenyan sentyabr oyi oxiridan beri Janubiy Koreya va AQShning harbiy mashg‘ulotlariga javoban muntazam ravishda ballistik raketa uchirmoqda.
Shuningdek, Shimoliy Koreyaning yaqin kelajakda yadroviy sinov o‘tkazishi mumkinligidan xavotirlar ham kuchaymoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter