Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistlarning «surobini to‘g‘rilamoqchi» bo‘lgan amaldorning «kovushi to‘g‘rilandi»

Jurnalistlarning «surobini to‘g‘rilamoqchi» bo‘lgan amaldorning «kovushi to‘g‘rilandi»

Vladimir Putin va Mixail Ignatev.

Foto: “NTV”

O‘n kun ichida ketma-ket ikki marta qovun tushirgan Chuvash Respublikasi rahbari Mixail Ignatev ishdan bo‘shatildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan farmonda M.Ignatev davlat rahbari ishonchini boy bergani qayd etilgan. Joriy yil sentyabrda o‘tadigan saylovga qadar Davlat dumasi deputati Oleg Nikolayev Chuvash o‘lkasini idora etib turadi.

Salkam 10 yil davomida Chuvash respublikasiga rahbarlik qilgan M.Ignatev yanvar oyi davomida ketma-ket jiddiy siyosiy xatolarga yo‘l qo‘ydi.

Dastlab matbuotchilar bayramiga bag‘ishlangan marosimda nutq irod qilgan arbob hokimiyat faoliyatini tanqid qilayotgan jurnalist va blogerlarning «surobini to‘g‘rilab qo‘yish» lozimligi haqida gapirdi. Mas’uliyatsizlarcha berilgan bu bayonot, tabiiyki, keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Mansabdor jurnalist va blogerlarga tahdid qilganidan ko‘p o‘tmay uning matbuot xizmati vaziyatni xaspo‘shlash uchun oshig‘ich bayonot bilan chiqdi. M.Ignatev jurnalist va blogerlarning «surobini to‘g‘rilash» haqida gapirganda, ularni jismonan yo‘q qilishni aslo-aslo o‘ylamagani, ular ortida turgan buyurtmachilar kimligini aniqlashni nazarda tutgani iddao qilindi.

Yuqori lavozimdagi mulozimning aksildemokratik chaqirig‘idan keyingi shov-shuvlar hali bosilmay turib, u yana bir marta «xol qo‘ydi»: yangi o‘t o‘chirish texnikasi kalitini topshirish payti Favqulodda vaziyatlar vazirligi zobitini xuddi kuchuk bolasini o‘ynatgandek ermak qildi. Ofitser boshi uzra turgan kalitni sakrab olishga majbur bo‘ldi. Mazkur holat aks etgan videolavha Rossiya internet olamini «portlatdi», Chuvash o‘lkasi rahbari tanqidu malomatlar yomg‘iri ostida qoldi. Garchi amaldor keyinroq o‘t o‘chiruvchilarga bo‘lgan yuksak ehtiromi haqida bayonot bergan bo‘lsa-da, g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan edi.

Jamoatchilik bosimi ostida  «Yedinaya Rossiya» partiyasi M.Ignatevni o‘z safidan haydadi. Buning ortidan esa prezidentning lavozimdan bo‘shatish haqidagi farmoni e’lon qilindi.

Darvoqe, prezident partiyasi sanalgan «Yedinaya Rossiya» mas’ul vakili Andrey Turchak davlat rahbari so‘ziga quloq tutmagan har bir mansabdor M.Ignatev kabi jazolanishini ma’lum qildi.

Tahlilchilarga ko‘ra, reytingi tobora quyiga enayotgan hozirgi pallada V.Putin qo‘l ostidagi amaldorlarning bu kabi xurmacha qiliqlariga ko‘z yumib keta olmaydi.  

Sobir Salim

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring