Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistlar uchun eng xatarli hudud

Jurnalistlar uchun eng xatarli hudud

G‘azo sektorida Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lgan jurnalistlar soni oshib bormoqda.

Kuni kecha Mamduh Qanita Isroilning dron hujumi oqibatida bevaqt hayotdan ko‘z yumdi.

Bir necha kun avval G‘azo ma’muriyati OAV byurosi mahalliy Quds yangiliklar tarmog‘i jurnalisti Maysara Ahmad Saloh Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qilgandi.

Shu tariqa Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon bo‘lgada halok bo‘lgan jurnalist va OAV xodimlari soni 192 nafarga yetdi.

Ma’lumot o‘rnida, 20 yil davomida Vetnam urushida 63 nafar va 6 yil ichida Ikkinchi jahon urushida 69 nafar OAV xodimi dunyodan ko‘z yumgandi.

G‘azo ma’muriyati xalqaro hamjamiyat va tashkilotlardan Falastin jurnalistlariga nisbatan sodir etayotgan jinoyatlari uchun Isroilning ishg‘olchi hukumatini javobgarlikka tortishni so‘ragan.

Isroil G‘azoda urush olib borayotgan bir yildan ziyod vaqt mobaynida 44500 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Ularning 17500 nafari bolalardir. Yana 21000 nafar bola bedarak yo‘qolgan.

Xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT maxsus ma’ruzachilari Isroilni G‘azo aholisini qasddan qirishda ayblamoqda.

21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun hibsga olish haqida qaror chiqardi.

G‘azo sektori jurnalistlar va ularning yaqinlari uchun dunyodagi eng xavfli hudud bo‘lib qolmoqda.

Joriy yil 7 yanvar kuni Isroil bombardimoni oqibatida falastinlik ikki jurnalist – 27 yoshli Hamza Dahduh hamda 20 yoshli Mustafo Turayya halok bo‘ldi. Palestine Today telekanalining ikki jurnalisti esa jarohatlangan. Gumanitar hudud deb belgilangan hududda ketayotgan OAV xodimlarining avtomobiliga Isroil armiyasi raketa bilan zarba bergan.

Hamza Dahduh «Al-Jazira»ning taniqli jurnalisti, telekanalning G‘azodagi muxbirlik byurosi rahbari Voil Dahduhning to‘ng‘ich o‘g‘lidir. G‘azoda urush boshlangandan buyon Voil Dahduh o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishlarga uchradi. 2023 yil 25 oktyabr kuni Isroil aviahujumi oqibatida uning rafiqasi, qizi, o‘g‘li va nabirasi halok bo‘lgan edi. Ular xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra daxlsiz sanalgan qochqinlar lagerida jon saqlayotgan edi.

2023 yil dekabr oyida Isroil tashlagan bombadan «Anadolu» axborot agentligi operatori Muntazir al-Savvaf va uning o‘nlab yaqinlari vafot etgan.

Jabaliya qochqinlar lageri bombalanishi oqibatida esa «Al-Jazira» telekanali Arab xizmati muxbiri Mo‘min al-Sharafiyning 22 nafar oila a’zosi – ota-onasi, aka-singillari, jiyanlari va boshqa qarindoshlari halok bo‘lgan.

Turkiya rahbariyati Isroilni «fashistik propaganda usulini qo‘llagan holda jurnalistlar bilan birga haqiqatni o‘ldirishga urinish»da ayblagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring