Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jo Bayden AQSh uchun eng xatarli mamlakat nomini ochiqladi. Davlat kotibi bu borada boshqacha fikrda...

Jo Bayden AQSh uchun eng xatarli mamlakat nomini ochiqladi. Davlat kotibi bu borada boshqacha fikrda...

Foto:«Reuters»

AQSh prezidentligiga nomzod, sobiq vitse-prezident Jo Bayden Rossiyani dunyoda Qo‘shma Shtatlar uchun eng ko‘p tahdid solayotgan mamlakat deb atadi. Siyosatchi CBS News telekanalining «60 Minutes» dasturida bu boradagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Demokratik partiya vakili bo‘lgan arbobning qayd etishicha, aynan Moskva AQSh xavfsizligini izdan chiqarishga zo‘r bermoqda. 

Jo Bayden tobora o‘sib kelayotgan yana bir yirik siyosiy kuch – Xitoyni «muhim raqib» deb baholagan. Qayd etilishicha, Xitoy Qo‘shma Shtatlar uchun raqiblikdan ham xavfliroq maqomga ko‘tarilishi rasmiy Vashingtonning kelgusidagi sa’y-harakati va yondashuviga bog‘liqdir.   

Bayden prezidentlik saylovidagi raqibi Donald Trampni mas’uliyatsizlik va diktatorlar bilan osh-qatiq bo‘lishda ayblagan. Muxolif nomzodga ko‘ra, NATO a’zosi bo‘lgan do‘st mamlakatlarning ham allaqachon Tramp ma’muriyatidan hafsalasi pir bo‘lgan.

Jo Bayden joriy yil sentyabrda Rossiyani AQShning dushmani emas, raqibi deb atagan edi. Ayni choqda, demokrat arbob Kreml AQShdagi saylov jarayonlariga aralashgani uchun javob berishini ham pisanda qilgan edi.

Qo‘shma Shtatlar Rossiyani saylov jarayonlariga aralashuvda ayblab kelmoqda. Milliy xavfsizlik vazirligiga ko‘ra, Rossiya kiberhujumlar orqali AQSh hukumati va sanoatiga zarba berishga urinmoqda.

Rossiyaning Bayden tomonidan asosiy tahdid tug‘diruvchi kuch deb baholangani kutilgandek, rasmiy Moskva tomonidan noxush qabul qilindi.

«Bunday emas, biz bunday yondashuvni qabul qila olmaymiz. Rossiyaga nisbatan yakkash nafrat parvarishlanayotgani va mamlakatimiz qandaydir raqib o‘laroq gavdalantiralayotganidan afsusdamiz», – dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi  Dmitriy Peskov.

Vashington siyosiy doiralarida mamlakat uchun asosiy tahdid soluvchi mamlakat borasida boshqa nuqtai nazar ham mavjud.  Xususan, Davlat kotibi Mayk Pompeo «Fox News» telekanali orqali chiqishida Xitoyni o‘rta va yaqin istiqbolda mamlakat uchun asosiy tashqi xatar deb atagan edi. Tashqi siyosat mahkamasi rahbariga ko‘ra, tobora qurollanishga zo‘r berayotgan Xitoy kommunistik partiyasi eng katta tahdid bo‘lib qolmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring