Isroilda o‘zini himoya qilish huquqi bor, ammo harbiy harakatlar mutanosib bo‘lishi kerak – Kaya Kallas

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas dushanba kuni G‘azoda janglar qayta boshlanganidan so‘ng Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarni qayta boshlashga chaqirdi.
«Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, ammo harbiy harakatlar mutanosib bo‘lishi kerak», – dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas, mojaroga barham berish uchun muzokaralarni qayta boshlash zarurligini ta’kidlab.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bilan Quddusda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Kallas «zo‘ravonlik ko‘proq zo‘ravonlikni keltirib chiqarishi»ga urg‘u bergan.
«Biz hozir ko‘rayotgan narsa xavfli avj olib bormoqda. Bu garovga olinganlar va ularning oilalari uchun noaniqlikni keltirib chiqaryapti. Falastin xalqi o‘rtasida terror va o‘limni yoyyapti», – dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari.
Isroil tashqi ishlar vaziri bunga javoban jangarilar Isroil shartlarini bajarsa, jumladan, garovga olinganlarni ozod qilsa, «urush ertaga tugashi mumkin»ligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, otashkesimning birinchi bosqichida garovga olingan 25 nafar isroillik va yana 8 kishining jasadi Tel-Avivga topshirildi. Isroil tomoni esa ikki mingga yaqin falastinlik mahbusni qamoqdan ozod qildi.
Ikki tomon fevral oyi boshida o‘t ochishni to‘xtatishning navbatdagi bosqichi bo‘yicha muzokaralarni boshlashi kutilgan edi, bunda falastinlik asirlar evaziga qolgan 59 nafar garovga olingan (ularning kamida yarmi o‘lgan deb ishoniladi) ozod etilishi, o‘t ochishni to‘xtatish muddati uzaytirilishi va Isroil qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak edi. Biroq, bu muzokaralar hali boshlanmadi.
«Muzokaralarni qayta boshlash – ikki tomon uchun ham tinchlikka erishishining yagona mumkin bo‘lgan yo‘lidir», – deb ta’kidladi Kallas.
Biroq u Yevropa Ittifoqi kelajakda HAMASning anklavni boshqarishdagi rolini ko‘rmasligini ta’kidlagan va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun G‘azoning kelajagi bo‘yicha muhokamalarda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter