Isroil harbiylari “Oskar” sohibi bo‘lgan rejissyorni hibsga oldi

Falastinlik rejissyor Hamdan Balal Isroil harbiylari tomonidan G‘arbiy Sohilda qo‘lga olindi. “Boshqa yer yo‘q” deb atalgan hujjatli film uchun “Oskar” mukofotini olgan rejissyorning taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda.
The Guardian nashri xabariga ko‘ra, 24 mart kuni ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilning Susiya qishlog‘iga yahudiy kelgindilari hujum uyushtirgan.
Radikallar, jumladan, rejissyor Hamdan Balalni kaltaklab, uning mashinasiga shikast yetkazishgan. So‘ng kelgindilar uni Isroil harbiylari qo‘liga topshirgan. Harbiylar uni hibsga olib noma’lum tomonga olib ketgan.
Isroil armiyasi hujum oqibatida jarohatlangan rejissyorning holati va taqdiri xususida ma’lumot bermagan.
Hamdan Balal joriy yil mart oyida “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasida “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan “Boshqa yer yo‘q” kartinasining mualliflaridan biri sanaladi. Filmda Isroil ma’muriyati va yahudiy kelgindilarining G‘arbiy Sohildagi noqonuniy xatti-harakatlari, muttasil tahdid ostida umr kechirayotgan falastinliklarning iztiroblari tasvirlangan.
Co‘nggi vaqtlarda G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik harakatlari kuchaygani kuzatilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Isroil armiyasi HAMAS harakati bilan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqida bitimga kelishganidan ikki kun keyin, 21-yanvar kuni G‘arbiy Sohilda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi. Hujum “aksilterror operatsiyasi” deya niqoblangan.
Isroil armiyasi G‘arbiy Sohildagi o‘nlab binolarni portlatdi. Yahudiy davlati armiyasi ushbu binolardan terrorchilar foydalanganini iddao qilgan. BMT esa hududda zo‘ravonlik kuchayib ketganidan xavotir izhor etgan.
Tahlilchilar G‘azo sektorini yashash uchun butkul yaroqsiz holga keltirgan Isroil armiyasi endilikda G‘arbiy Sohilda ana shunday vayronkor amaliyot o‘tkazayotganini aytmoqda.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, harbiy amaliyot davomida G‘arbiy Sohilda o‘nlab odam o‘ldirilgan. Buyuk Britaniyada joylashgan “Save the Children” tashkiloti hududda bolalarni o‘ldirish ko‘rsatkichi keskin ortganidan ogohlantirgan.
Avvalroq Isroilning radikal qanotga mansub moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘arbiy Sohilda yahudiy uylarini qurish uchun mablag‘ ko‘paytirilishini ma’lum qilgandi. Xalqaro huquqqa zid bu tashabbus Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar tomonidan qoralangan.
Inson huquqlari tashkilotlari Isroilni noqonuniy manzilgohlarda yashovchi o‘z fuqarolarining falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligiga qarshi zarur choralar ko‘rmaslikda ayblab keladi.
G‘arb davlatlari Tel-Avivdan G‘arbiy Sohilda falastinliklarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlarini to‘xtatishni talab qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter