HAMAS hujumining sirlaridan biri ochildi
Isroilga hujum qilishni rejalashtirgan HAMAS jangarilari ikki yil davomida smartfon va kompyuterlardan foydalanmay, statsionar (simli)telefonlar orqali muloqot qilgan. Isroil armiyasi «G‘azo metrosi» deb ataydigan tunnellarga telefon liniyalari tortilgan.
Isroilga hujumga tayyorgarlik ko‘rgan HAMAS harakati jangarilari o‘z rejalarini Isroil razvedkasidan yashirish uchun ikki yil davomida simli statsionar telefonlar orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda CNN. AQSh razvedkasidan xabardor telekanal manbalariga ko‘ra, telefon liniyalari G‘azo sektori ostidagi tunnellar ichidan o‘tkazilgan.
Suhbatdoshlarga ko‘ra, HAMAS a’zolari bu vaqt davomida aloqa uchun kompyuter yoki mobil telefonlardan foydalanmaslikka harakat qilgan, operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rishda ular «eski uslubdagi kontrrazvedka choralariga» murojaat qilishgan.
G‘azo sektori mahallalari va uylari ostidagi tunnellar HAMAS uchun boshpana va ombor bo‘lib xizmat qiladi va ularning umumiy uzunligi 500 km deb baholanadi. Isroil harbiylari bu yer osti labirintini «G‘azo metrosi» deb ataydi. Tunnellarda raketalar va o‘q-dorilar saqlanadi va Isroil armiyasi bu yerda HAMASning muhim qo‘mondonlik punktlari joylashgan deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, Isroildagi urush 7 oktyabrdan beri davom etmoqda. HAMAS harakati kutilmaganda Isroilni o‘qqa tutgan va jangarilar mamlakat janubiy hududlariga bostirib kiradi. Shundan buyon Isroil armiyasi G‘azo sektorini ayovsiz bombardimon qilmoqda.
Isroil rasmiylari G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bir necha bor ta’kidlagan. 19 oktyabr kuni mamlakat mudofaa vaziri bunday buyruq tez orada e’lon qilinishini aytgandi. Biroq Bloomberg nashri AQSh va Yevropa Ittifoqi garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha HAMAS bilan muzokaralarga vaqt yutish maqsadida harbiy operatsiya boshlanishini kechiktirish uchun Isroilga bosim o‘tkazayotganini yozgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter