Gruziya bosh vaziri iste’foga chiqishini e’lon qildi
Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili o‘z lavozimini tark etmoqda. Bu haqda u hukumat idorasida bo‘lib o‘tgan maxsus brifingda ma’lum qildi.
Partiya ichidagi demokratiya haqida gapirar ekan, u «boshqalarga ham imkoniyat berish kerak», dedi. Garibashvili hukmron «Gruziya orzusi» partiyasiga rais bo‘lish taklifini qabul qilganini ham ta’kidladi.
«Partiyamiz asoschisi va faxriy raisi janob Bidzina Ivanishvili, partiya va parlament rahbariyati va a’zolariga, vazirliklar rahbarlari va har bir xodimga, hukumat apparati xodimlariga, barcha davlat xizmatchilariga Bosh vazirlik faoliyatim davomida ko‘rsatgan ulkan qo‘llab-quvvatlashlari uchun minnatdorchilik bildiraman», - degan Garibashvili.
Bugun ertalab Imedi telekompaniyasi, «Gruziya orzusi»ning amaldagi raisi Irakliy Kobaxidze va bosh vazir Irakliy Garibashvili o‘zaro o‘rin almashishi kutilayotgani haqida xabar berdi.
Hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar ham rejalashtirilgan, bu haqda hukmron partiya 1 fevralga belgilangan qurultoyda e’lon qiladi.
Garibashvili bosh vazirlikka 2021 yil fevralda kelgandi. U avval ham (2013-2015) bosh vazir bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter