G‘azo: Isroil bombardimonida BMTning 11 xodimi halok bo‘ldi
HAMAS va Isroil o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlarning yangi to‘lqini boshlangan 7 oktyabrdan buyon G‘azoga yog‘dirilayotgan bombalardan BMTning 11 nafar xodimi halok bo‘ldi, deb xabar berdi CNN.
Xalqaro tashkilotning Falastin qochqinlariga ko‘mak bo‘yicha Yaqin Sharq ofisi (UNRWA) direktori o‘rinbosari Jennifer Ostinga ko‘ra, halok bo‘lganlar BMTning G‘azodagi maktabi o‘qituvchilari, shifokor, psixolog, muhandis va boshqa xodimlardir.
«Ularning ayrimlari o‘z uyida oila a’zolari bilan birgalikda o‘ldirilgan. UNRWA bu yo‘qotishdan qattiq qayg‘uda va halok bo‘lgan hamkasblarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi», – deyiladi idora rasmiy xabarida.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish holat yuzasidan taassuf izhor qilar ekan, tashkilot xodimlari «katta tovon» to‘laganini ta’kidlagan.
Guterrish xalqaro gumanitar huquq tamoyillarini hurmat qilish, tinch aholi qonini to‘kmaslik va qamal ostidagi G‘azoga suv, oziq-ovqat va yonilg‘i yetkazishga chorlagan.
Isroil bombardimoni oqibatida BMT maktablarining 30 nafar o‘quvchisi ham halok bo‘lgan.
Ayni paytda 220 ming falastinlik G‘azo mintaqasidagi BMT maktablarida jon saqlamoqda. UNRWA G‘azoda BMT maktablari ham talafot ko‘rganini ma’lum qilgan.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, aviahujumlar oqibatida Qizil yarim oy xalqaro tashkilotining to‘rt a’zosi ham halok bo‘lgan.
Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban 2,3 million nufusli G‘azoga bomba yog‘dirishda davom etmoqda. Har ikki tomondan halok bo‘lganlar soni soat sayin oshib bormoqda.
Jahon matbuoti G‘azodagi barcha shifoxonalar to‘lib ketgani, o‘likxonalarda ham joy qolmagani haqida yozgan.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel G‘azodagi gumanitar holatni «dahshatli» deb baholagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter