Forbes milliarderlar ro‘yxatida hindistonliklar soni 200 nafarga yetdi
Forbes yangilagan milliarderlar reytingida hindistonliklar soni 200 nafarga yetdi. Bir yil avval hindistonlik milliarderlar soni 169 nafar edi, deb yozmoqda The Economic Times.
«Hindiston fond bozorida misli ko‘rilmagan o‘sishning davom etishi Forbesning 2024-yilgi reytingida hind milliarderlari sonini keskin oshirib, 200 nafarga yetkazdi», — deyiladi xabarda.
Nashr tahlilchilari Hindiston milliarderlarining umumiy boyligini $954 mlrd, deya baholashdi. Bu o‘tgan yilgidan 41 foiz yaxshiroq ko‘rsatkich ($675 mlrd).
Reliance Industries kompaniyasining asosiy xo‘jayini va boshqaruvchisi, tadbirkor Mukesh Ambani ular orasida yaqqol peshqadam — uning boyligi bir yil ichida $83 mlrddan $116 mlrdga oshdi. U jahon milliarderlari ro‘yxatida 100 milliardlik dovonni birinchi bo‘lib oshgan ilk osiyolikka aylandi.
Ta’kidlanishicha, ro‘yxatdagi hindistonlik milliarderlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i o‘tgan yilga nisbatan boyligini ko‘paytirib olgan. 200 nafar hind milliarderining 25 nafari ilk marotaba nufuzli Forbes reytingida ko‘rinish berdi.
Britaniyaning Knight Frank konsalting agentligi mart oyida bergan ma’lumotga ko‘ra, 2028-yilda Hindistonda o‘ta boy kishilar soni qariyb 20 ming nafarga yetadi, 2023-yilda ularning soni 13 ming nafardan ziyodroq edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter