Filippin prezidenti aholini vaksina tanlash huquqidan mahrum qildi
Filippin aholisi koronavirusga qarshi vaksinani mustaqil tanlash imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Tegishli buyruq mamlakat prezidenti Rodrigo Duterte tomonidan qabul qilindi, deb xabar bermoqda «TASS».
PTV telekanali tomonidan namoyish etilgan xalqqa murojaatida siyosatchi hozirda mavjud bo‘lgan barcha vaksinalar bir xil ekanligini va o‘z vazifasini uddalashini aytdi. Ammo Amerikada ishlab chiqarilgan vaksina bilan emlash imkoniyatini kutmaslik kerak, dedi Duterte.
«Bunday bo‘lmaydi, siz millioner yoki yana allakim bo‘lishingizdan qat’i nazar, tanlay olmaysiz. U yoki bu vaksinani afzal bildi deyishlarini istamayman. Qaysi hududda yashamang, barchangiz bir xilsiz, tanlashingizga yo‘l qo‘ymayman», — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, Filippinda koronavirus bilan kasallanganlar soni 1,14 milliondan oshdi. 19,2 ming bemor vafot etdi. Hozir mamlakatda Rossiyaning «Sputnik V», Moderna kompaniyasi vaksinalari, shuningdek, Pfizer firmasi, Britaniya-Shvetsiyaning AstraZeneca, Xitoyning Sinovac, Hindistonning Bharat Biotech va Janssen preparatlaridan foydalanish ma’qullangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter