Eron–Isroil: «jin ko‘zadan chiqqani» aytilmoqda
29-yanvarga o‘tar kechasi Erondagi harbiy infratuzilma ob’yektlarida kuchli portlashlar sodir bo‘ldi.
Shahid Salimiy shahrida dvigatel moyi ishlab chiqaruvchi yirik zavod yonib ketgan. Isfahondagi harbiy o‘q-dori zavodiga dron hujumi amalga oshirilgan. Yana bir qator hududlarda portlashlar kuzatilgan, hatto poytaxt Tehrondagi hukumat binolariga hujum uyushtirilgani aytilmoqda.
Eron mudofaa vazirligi birgina Isfahondagi harbiy ob’yektga hujumni tasdiqlab, uchta dron zararsizlantirilganini ma’lum qilgan, ammo hujum kim tomonidan uyushtirilganini ochiqlamagan.
Arab matbuoti so‘nggi hodisalarni sharhlar ekan, Isroil Eron harbiy infrastrukturasiga zarba berish uchun harbiy amaliyot boshlagani haqida yozgan.
AP agentligi taxminiga ko‘ra ham, hujum ortida Isroil turibdi.
Reuters agentligi harbiy ob’yektlarga hujumlar Eron va Isroil o‘rtasidagi azaliy ixtilofning davomi bo‘lishi mumkin degan fikrda.
Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Mixail Shraybman ham Eron hududiga Isroil harbiy havo kuchlari bomba yog‘dirdi deb hisoblaydi.
Isroil rasmiylari so‘nggi hujumlarni zimmasiga olgani yo‘q. Ammo bosh vazir Benyamin Netanyahu Eronga hujum boshlanishidan bir necha soat avval mamlakat ushbu tunda terrorizmga qarshi qaratilgan tezkor choralar ko‘rishi haqida bayonot bergani ma’lum.
Isroil rahbari bu bayonotni Quddusda amalga oshirilgan zo‘ravonlik aktlari manzarasida bergan bo‘lsa-da, Erondagi so‘nggi hodisalar ildizi Tel-Avivga borib taqalishi mumkin.
Eron hamda Isroil ko‘p yillardan buyon bir-biriga nisbatan urush holatida yashamoqda. Isroil rasmiy Tehron yadro quroliga ega bo‘lishga juda yaqin kelgan deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra, yahudiy davlati goh oshkora, goh parda ortidagi hujumlar orqali ushbu mamlakatning yadro dasturini yo‘qqa chiqarishga urinmoqda.
Tahlilchilar kecha tunda amalga oshirilgan hujumlar «dastxat»i muqaddam uyushtirilgan diversiyalarga uyg‘un ekaniga e’tibor qaratmoqda.
2021-yil aprel oyida Eronning Natanz shahrida joylashgan yadro inshootida portlash sodir bo‘lgan edi. Oqibatda uranni boyitish dasturi jiddiy zarba ko‘rgan. Natanz inshootini tiklash uchun kamida to‘qqiz oy vaqt kerak bo‘lishi aytilgan. The New York Times nashri portlash Isroil tomonidan amalga oshirilgan degan xulosaga kelgan.
2020-yil 27-noyabr kuni Tehron yaqinida Eron yadro dasturining rahbari Muhsin Faxrizoda o‘ldirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, M.Faxrizoda harakatlanayotgan avtomobil masofadan turib boshqarilgan «FN MAG» pulemyotidan o‘qqa tutilgan. Bir tonnalik konstruksiya Eron hududiga qismlarga bo‘lgan holda olib kirilgan va qayta yig‘ilgan. Robot qotil Eronda keng tarqalgan Zamyad avtomobiliga o‘rnatilgan. Avtomobil Faxrizoda doim o‘tadigan yo‘lda kutib turgan va uning mashinasi yaqinlashishi bilan masofadan turib o‘q yog‘dirgan. Nishon mahv etilgach, mashina portlatib yuborilgan.
«Eron yadro sohasining otasi» deya ta’riflangan olimning o‘z vatanida o‘ldirilishi rasmiy Tehronni darg‘azab qilgan. Keyinroq ushbu qotillik ham Isroil maxsus xizmati tomonidan amalga oshirilgani yuzaga chiqdi.
Tel-Aviv rasmiylari Eronga qarshi uyushtirilgan operatsiyalarni ochiq tan olmaydi. Ammo Isroil razvedkasi – «Mossad»ning sobiq rahbari Yosi Koen 2021-yilda OAVga bergan intervyusida josuslik xizmati tomonidan so‘nggi yillarda Eronga qarshi amalga oshirilgan diversion operatsiyalar haqida ilk bor ochiq gapirgan edi. U Isroil maxsus xizmatining Muhsin Faxrizodaning o‘limiga aloqador ekanini na tan olgan, na rad etgan. Ammo eronlik olim ko‘p yillardan buyon «Mossad”ning nishonida bo‘lgani, chunki uning yadro fizikasi bo‘yicha bilimlari xavotir uyg‘otganini qayd etgan. Yosi Koen Natanz yadro ob’yektida ro‘y bergan avariyaga ham Isroilning aloqador ekaniga ishora qilgan.
Isroilning Eronga nisbatan murosasiz pozitsiyada ekani ikki muhim jihat bilan izohlanadi.
Birinchidan, yahudiy davlati Eronning uranni boyitish dasturi aynan yadro quroliga ega bo‘lishga qaratilgan deb hisoblaydi. Tel-Aviv ehtimoliy xatarni inobatga olib, ushbu dasturga har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da barham berish lozim degan qat’iy fikrda.
Ikkinchidan, Tehronning Suriya, Iroq, Livan va Yamanga kuchli ta’siri, mazkur davlatlardagi guruhlarga harbiy-siyosiy dastak berishi Isroil tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid deya baholanadi.
Eron rahbariyatining «yahudiy davlatini yer yuzidan supirib tashlash» haqidagi bayonoti ham real po‘pisa o‘laroq qabul qilinadi. Shunga ko‘ra Isroil so‘nggi bir necha yil ichida doimiy ixtilofda bo‘lgan arab podshohliklari bilan diplomatik munosabatlarni qayta yo‘lga qo‘yayotgan bo‘lsa-da, Tehron bilan hamon g‘animona pozitsiyada.
Tahlilchilarning xavotir bilan qayd etishicha, tomonlar o‘rtasidagi yashirin urush tobora oshkora tus olmoqda. So‘nggi hujumlar ham «jin ko‘zadan chiqqani»ni anglatayotgandek. Ikki davlat o‘rtasida rosmona urush chiqqudek bo‘lsa, nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo uchun jiddiy xatar yuzaga kelishi mumkin. Isroilning yadro quroliga ega ekani, Eronning esa shu yo‘lda faol harakat qilayotgani inobatga olinsa, o‘zaro to‘qnashuvning oqibatlari dahshatli bo‘lishi tayin. Ammo, xayriyatki, hozircha tomonlar ochiq urushgacha bormaydi degan nekbin qarash ustun.
C.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter