Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Shvetsiyaning NATOga a’zoligi borasida keskin fikr bildirdi

Erdo‘g‘on Shvetsiyaning NATOga a’zoligi borasida keskin fikr bildirdi

Shvetsiya Turkiyadan NATOga a’zolik borasida dastak kutmagani ma’qul. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hukumat yig‘ini yakuni bo‘yicha telemurojaatda gapirgan. Rasmiy Anqara Shvetsiya poytaxti Stokholm shahrida Qur’oni karimning omma ko‘z o‘ngida yoqilishi va aksilturk namoyishlari o‘tkazilishidan darg‘azab bo‘lgan.  

«Turkiyaning Stokholmdagi elchixonasi qarshisida ahmoqlik sodir etilishiga yo‘l qo‘yib berganlar bizdan NATOga a’zolik borasida xayrixohlik kutmasinlar. Shvetsiya Turkiyani, shuningdek, musulmonlarning e’tiqodiy tuyg‘ularini hurmat qilmas ekan, NATOga a’zolik borasida dastagimizni ololmaydi», – dedi Erdo‘g‘on.

Avval xabar berganimizdek, Daniyaning o‘ng qanot ekstremistik partiyasi rahbari Rasmus Paludan 21 yanvar kuni Stokholmda Qur’oni karim nusxasini omma oldida namoyishkorona yoqdi.

Sharmandalik aksiyasi o‘tkazilishiga Shvetsiya ma’muriyati rasman ruxsat bergan, o‘ng qanot ayirmachisining xavfsizligi mahalliy politsiya tomonidan ta’minlangan. Na xalqaro huquq, na insoniylik me’yorlariga to‘g‘ri keladigan bu xatti-harakat islom dunyosi tomonidan keskin qoralangan.

Turkiya rahbariga ko‘ra, Shvetsiyada sodir etilgan nafratga loyiq xatti-harakat inson haq-huquqlari, jumladan, musulmonlar huquqlarini hurmat qiluvchi taraqqiyparvar insoniyatga nisbatan haqoratdir.

«Agar Shvetsiya terrorchi tashkilotlar va islom dushmanlariga ijobiy munosabatda ekan, mamlakat himoyasini ham ularga topshirishini maslahat beramiz», – dedi Turkiya yetakchisi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan Shvetsiya Finlyandiya bilan birgalikda NATOga a’zo bo‘lishga harakat qilmoqda. Ikki davlatning Shimoliy alyans «oila»siga kirishiga barcha a’zolar rozilik berishi kerak. Turkiya a’zolikni qo‘llab-quvvatlash uchun ikki davlatga qator talablar qo‘ygan. Ammo rasmiy Anqara Shvetsiya qo‘yilgan talablarni bajarish uchun yetarlicha ishlamayotganidan norozi.

Turkiya «Kurdiston ishchi partiyasi» terrorchi tashkiloti faoliyatiga chek qo‘yish, terrorizmda gumonlanganlarni ekstraditsiya qilish hamda mudofaa mahsulotlari eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish kabi talablarni ilgari surgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring