Erdo‘g‘on G‘azoda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi asosiy to‘siqni aytdi
G‘azoda 28 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘ldi, ammo o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan urinishlar AQShning salbiy yondashuvi sabab natija bermayotir. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Misr safaridan qaytish payti jurnalistlar bilan suhbatda gapirgan.
«AQSh muammolarni hal etish uchun mintaqaga bir qator yuqori martabali rasmiylarni yuborgani haqida bayonot bersa-da, amalda ko‘zga ko‘rinarli natijaga erishilmadi. Murakkab vaziyatga qaramay, biz otashkesim va tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz. Chunki boshqa muqobil yo‘l yo‘q», – dedi Turkiya yetakchisi.
G‘azoda Isroil harbiy amaliyoti davomida minglab begunoh odamlar halok bo‘layotganiga e’tibor qaratgan Erdo‘g‘on xalqaro hamjamiyat bu holga tomoshabin bo‘lib turishi mumkin emasligini ta’kidladi.
«Qatliom qarshisida sukut saqlashning javobgarligi juda ulkan. Tarix odamlarning qasddan o‘ldirilishiga yo‘l qo‘yganlar ustidan albatta o‘z hukmini o‘qiydi», – dedi siyosatchi.
U mintaqada tinchlik o‘rnatish va ziddiyatni bartaraf etishning asosiy sharti 1967 yilgi chegaralarda, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati tashkil etilishi ekanini bir karra urg‘uladi.
Erdo‘g‘on Turkiya va Misr hamkorligi har jihatdan muhim ahamiyat kasb etishini ham qayd etdi. Unga ko‘ra, Anqara va Qohiraning bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi G‘azoda tinchlik o‘rnatishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Rasmiy Anqara Tel-Aviv ma’muriyatining G‘azodagi xalqaro huquqqa zid harakatlarini keskin tanqib qilib kelmoqda.
Avvalroq prezident Erdo‘g‘on Falastinda harbiy jinoyatlar sodir etayotgan Isroilni jazolashga harakat qilishi haqida gapirgan edi.
Shuningdek, u G‘azoda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordamining uzluksiz yetkazilishini talab qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter