Erdo‘g‘on: «Baydenning 1915 yilgi voqealar bo‘yicha bayonoti tarixiy haqiqatga zid»

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on AQSh yetakchisi Jo Baydenning «arman genotsidi» xususidagi bayonotiga keskin e’tiroz bildirdi. Turkiya hukumati yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha murojaat qilgan Erdo‘g‘on amerikalik hamkasbining rasmiy pozitsiyasini tarixiy haqiqatga zid deb atadi.
J.Bayden nomidan joriy yil 24-aprel kuni tarqatilgan bayonotda 1915-yili Usmoniylar davlatida yashovchi ko‘p sonli armanlar o‘ldirilgani haqida so‘z boradi. Bayonotda bu hodisa genotsid deb ataladi.
Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, Oq uy bayonoti soxta va yolg‘on ma’lumotlarga asoslanadi.
«Janob Bayden armanlar bilan bog‘liq tarixni risoladagidek o‘rganmog‘i maqsadga muvofiqdir. Biz tarixni chuqur bilmasdan Turkiya sha’niga aytilgan nomaqbul so‘zlarni kechirmaymiz», – deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘on 1915-yilgi voqealarga izoh ham bergan.
«Birinchi jahon urushi davrida Onado‘lidagi armanlar xorijiy davlatning fitnasiga uchib isyon ko‘targan va musulmon aholiga hujum qilgan. Isyonchi guruhlar tomonidan amalga oshirilgan qatliom va shafqatsizliklar xususidagi xotiralar hali unutilganicha yo‘q», – deydi u.
Ayni choqda, Turkiya yetakchisi nasabi va e’tiqodidan qat’i nazar birgina insonning ham o‘ldirilishi fojia ekanini urg‘ulab, Birinchi jahon urushining og‘ir shart-sharoitida halok bo‘lgan Usmoniy armanlariga ta’ziya bildirish insoniy burch ekanini ta’kidlagan.
Ushbu tarixiy hodisa yuzasidan rasmiy Anqaraning pozitsiyasi quyidagicha: 1915-yili Sharqiy Onado‘lidagi arman aholi guruhi Usmoniylarga qarshi urushayotgan ruslar tomoniga o‘tib isyon ko‘taradi, oqibatda ularning ayrimlari halok bo‘ladi. Turkiya bu hodisani ikki tomondan ham qurbonlar berilgan fojia deb baholaydi. Anqara tarixiy hodisalarni xolis o‘rganish uchun Turkiya va Armaniston tarixchilari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida qo‘shma komissiya tuzishni taklif etib keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter