EI: Xotin-qizlar qo‘rquv va tahlikasiz yashashi kerak
Dunyoning turli mamlakatlarida xotin-qizlar jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. Ayniqsa, urush, qurolli to‘qnashuvlar va gumanitar bo‘hronlar kuzatilayotgan mintaqalarda zo‘ravonlik ko‘lami katta.
Bu haqda 25 noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan Yevropa komissiyasi hamda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili tomonidan berilgan bayonotda so‘z boradi.
«Xotin-qizlarga nisbatan har qanday shakldagi zo‘ravonlik nafratga loyiqdir. Bu inson huquqlarining buzilishi, asosiy qadriyatlarimizning poymol etilishi sanaladi», – deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, YeI Istanbul konvensiyasiga qo‘shilgach, bu yil Ittifoq qonunchiligiga xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik, umuman, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashga qaratilgan qo‘shimcha choralar kiritildi.
«Endilikda biz oflayn va onlayn shakldagi zo‘ravonlikka qarshi kurash, xotin-qizlar qo‘rquv va tahlikasiz, xavfsiz yashashini ta’minlash, jabrdiydalarga manzilli ko‘mak ko‘rsatish va aybdorlarni jazoga tortishga qaratilgan qo‘shimcha vositalarga egamiz. Biz barcha a’zo davlatlarni ushbu qat’iy choralarni zudlik bilan amalga tatbiq etishga chaqiramiz», – deyiladi Yevrokomissiya bayonotida.
Ta’kidlanishicha, butun dunyoda nozik xilqat egalariga qarshi zo‘ravonliklarga barham berish YeI tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Bu borada esa Bryussel hamkorlar davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va inson huquqlari himoyachilari bilan yelkama-yelka ish olib boradi.
Ma’lumot o‘rnida, BMT Bosh assambleyasining 1999 yil 17 dekabrdagi rezolyusiyasi bilan 25 noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni deb belgilangan.
BMT kuni kecha e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, har kuni sayyoramiz bo‘ylab 140 nafar xotin-qiz turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshi tomonidan o‘ldirilmoqda. Bu har 10 daqiqada bir ayol vafot etmoqda deganidir.
2023 yilda 85 ming nafar ayol zo‘ravonlik tufayli vafot etgani zulmga barham berish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish kerakligidan dalolat beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter