Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoning eng qimmat kompaniyasi nomi o‘zgardi

Dunyoning eng qimmat kompaniyasi nomi o‘zgardi

2021 yili Saudi Aramco shirkatining sof foydasi 110 milliard dollarga yetgan.

Foto: Reuters

Saudiya Arabistonining Saudi Aramco neft shirkati Apple’ni ortda qoldirib, dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi. Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, Saudiya shirkatining kapitallashuvi 2,43 trillion dollardan oshgan. AQSh IT kompaniyasi kapitali esa 2,42 trillion dollarni tashkil etmoqda.

Keyingi yillarda Saudi Aramco‘ning kapitallashuvi 19 foizga o‘sgan. Sarmoyalar bo‘yicha ekspert Tim Griski ayni paytda dunyo bozorida energetika shirkatlari uchun qulay muhit yuzaga kelgani, mablag‘ mazkur sohaga oqib kelayotganini qayd etgan.

COVID-19 pandemiyasidan keyin dunyo iqtisodiyoti asta-sekin oyoqqa tura boshlagan kezlar Saudiya energetika giganti uchun omadli keldi. 2021-yili shirkatning sof foydasi 110 milliard dollarga yetdi. Shu tariqa 2020-yilga qaraganda o‘sish ko‘rsatkichi 124 foizni tashkil etdi. 

Saudi Aramco prezidenti Amin Nosir kelgusidagi rejalarni ham ochiqlagan.

«Biz neft qazib olish ko‘rsatkichini oshirish, gaz hamda suyuq mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha dastularni amalga tatbiq etishda davom etamiz», – deydi shirkat rahbari.

Qayd etilishicha, energetika giganti 2027-yilda kunlik neft qazib olish ko‘rsatkichini 13 million barrelga yetkazadi. 2021-yilda bu 9,2 million barrelni tashkil qilgan. Gaz yetkazish hajmi ham 50 foizga oshiriladi.

Saudi Aramco (to‘liq nomi – Saudi Arabian Oil Company) Saudiyaning milliy neft-gaz kompaniyasi bo‘lib, 1933 yilda ta’sis etilgan. Dunyo «qora oltin» zaxiralarining 12 foizi, ishlab chiqarishning 10 foizi, eksportning 14 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shirkatning nafaqat Saudiya Arabistoni, balki AQSh, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, BAA, Buyuk Britaniya, Niderlandiya kabi mamlakatlarda ham yirik zavod va filiallari mavjud.  U dunyodagi yirik supertankerlar flotiga ham egalik qiladi.

Bir muddat avval O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Saudiyaning bir qator kompaniyalari qatorida Saudi Aramco mamlakatimiz energetika va kimyo sohasiga sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring