Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng yosh hukumat rahbari korrupsiya ayblovidan so‘ng iste’fo bermoqda

Dunyodagi eng yosh hukumat rahbari korrupsiya ayblovidan so‘ng iste’fo bermoqda

Avstriya kansleri Sebastyan Kurs o‘z lavozimidan iste’foga chiqqanini e’lon qildi.

Vena shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida u «kursini bo‘shatish» istagi borligini ma’lum qilgan va federal prezident Aleksandr fon der Bellenga tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenbergni o‘z «voris»i qilib tayinlashni taklif qilgan. U vaqtinchalik federal kansler vazifasida bo‘ladi.

«Men uchun mamlakatim shaxsiyatimdan ko‘ra muhimroq»,— deya takidlagan Kurs matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Avstriya xalq partiyasi (OeVP) deputatlik guruhi rahbari sifatida parlamentga qaytishni va uning rahbari bo‘lib qolishni xohlaydi.

Kurs korrupsiya ayblovlari tufayli lavozimni tark etishga qaror qilgan. 

Ishdan ketish ishonchni suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik va korrupsiya ishi tergov qilinayotgan paytda paydo bo‘ldi. Bir kun oldin korrupsiyaga qarshi ishlarni ko‘rib chiquvchi prokuratura (WKStA) Kursga qarshi tergov boshladi. OAV xabarlariga ko‘ra, tintuvlar Kursning ofisida, OeVP shtab-kvartirasida, kansler matbuot kotibi Yoxannes Frishman, media-komissar Gerald Fleyshman va maslahatchi Shtefan Shtayner kabinetlarida o‘tkazilgan.

Tergovning fikriga ko‘ra, 2016 yildan 2018 yilgacha Avstriya Moliya vazirligi budjet mablag‘larini mahalliy gazetadagi reklamalarni OeVP uchun foydali so‘rovlarni joylashtirish uchun moliyalashtirishga ishlatgan.

Taxminlarga ko‘ra, bu rejaning bir qismi bo‘lib, Kursga birinchi bo‘lib partiyada hokimiyatga kelishiga, keyinroq - federal kansler lavozimini egallashiga imkon berdi.

Ayblovlar hukmron koalitsiyada jiddiy bo‘linishlarga olib keldi, ular orasida OeVP va Yashillar ham bor. Ikkinchisi Kursning iste’fosini va «nuqsonlardan holi bo‘lgan» odamni tayinlashni talab qilgan. Kursning o‘zi ayblovlarni rad etib, u shubhalar tasdiqlanmasligiga aminligini ma’lum qilgan.

31 yoshida Kurs Avstriya tarixidagi eng yosh kansler bo‘lgandi. 

Qayd etish joizki, Sebastyan Kurs va uning partiyasiga nisbatan 2019 yilda ham jiddiy ayblov ilgari surilgan edi. O‘shanda Kurs hukumati vazirlaridan birining Ibitsa orolida Rossiya gaz shirkati rahbarining jiyani ekani aytilgan ayol bilan uchrashuvi videosi tarqalgandi. Rossiya shirkatiga qurilish bo‘yicha davlat buyurtmasini taqdim etish evaziga iqtidordagi partiya hisobiga katta miqdorda pul tushirish talabi qo‘yilgani o‘rtaga chiqqandi. Pirovardida parlamentning ishonchsizlik votumi ortidan Kurs 2019 yili iste’foga chiqishga majbur bo‘lgandi. Ammo navbatdagi saylovda yana g‘alaba qozonib, 2020 yil yanvar oyida qaytadan hukumat rahbari kursisini egalladi.

Kurs birinchi marta 2017 yilda 31 yoshida hukumat rahbari sifatida qasamyod qilgan. Bungacha u Avstriya Tashqi ishlar vazirligini boshqargan eng yosh siyosatchi bo‘lgandi (Kurs Tashqi ishlar vazirligini 27 yoshidan boshqarishni boshlagan).

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring