Hindistonda dunyodagi eng katta saylovlar boshlanmoqda
Bugun, 19-aprel sanasida Hindistonda dunyodagi eng yirik parlament saylovlariga start beriladi. Yetti bosqichdan iborat ovoz berishlarda 968 mln nafar ro‘yxatga olingan saylovchilar qatnashadi.
Ammo saylovlarning kattaligi faqat ovoz beruvchilarning ko‘pligida emas, davomiyligida ham. Bosh saylov komissari Rajiv Kumar ma’lum qilishicha, Hindiston parlamenti quyi palatasiga saylovlar 19-apreldan 1-iyunga qadar davom etadi. Ovozlarni sanash 4-iyunda yakuniga yetkaziladi. Ovoz berish Hindistonning barcha 28 ta shtati va 8 ta ittifoqchi hududini qamrab olib, 1 milliondan ortiq saylov uchastkalari ochiladi.
Parlament quyi palatasining hozirgi tarkibi vakolat muddati 16 iyunda tugaydi — yangi palata tarkibi ushbu sanaga qadar shakllantirilishi kerak.
Hindiston quyi palatasiga so‘nggi saylovlar 2019-yilda o‘tkazilgan. Ovoz berish 11-aprelda boshlanib, yakuniy natijalar 23-mayda e’lon qilingandi. O‘shanda qatorasiga ikkinchi marta «Bxaratiya Janata» partiyasi g‘alaba qozongan, uning yetakchisi Narendra Modi yana mamlakat bosh vaziri lavozimini egallagandi.
Hozirgi saylovlarning muhim jihati ham shu — Narendra Modi uchinchi karra bosh vazir lavozimi uchun kurashmoqda. U hatto 2019-yilgidan ko‘proq ovoz to‘plashga intilmoqda va bunga ishonchi komil. Ekspertlar esa boshqacharoq fikrda — parlamentda muxolifatchilar soni ko‘payishi mumkin, ammo bu yetarli bo‘lmaydi, «uloq» baribir Modida ketadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter