Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bryussel uchrashuvi: Ozarbayjon va Armaniston gumanitar masalada kelishuvga erishdi

Bryussel uchrashuvi: Ozarbayjon va Armaniston gumanitar masalada kelishuvga erishdi

Joriy yil 14 may kuni Belgiya poytaxti Bryusselda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Sharl Mishel ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuv yakunida mezbon tomon bergan bayonotga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari gumanitar masalada kelishuvga erishdi.

«Gumanitar masalalarga kelsak, yaqin haftalarda yana bir necha hibsdagilarning ozod etilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Men adashib qo‘shni hududga o‘tib qolgan askarlar xuddi avvalgidek, tezkor tartibda qarshi tomonga berilishi borasidagi rozilikni mustahkamlash kerakligini ta’kidladim. Biz, shuningdek, daraksiz yo‘qolgan insonlar taqdiriga oydinlik kiritish va minalardan tozalash bo‘yicha ishlarni faollashtirish muhimligini qayd etdik», – dedi YeI kengashi raisi Sharl Mishel muzokaradan keyingi matbuot anjumanida.

Ikki davlat yetakchilari hududiy yaxlitlikka doir Olmaota deklaratsiyasiga sodiqligini ham tasdiqlagan.

«Biz chegaralarni delimitatsiya qilish holati va unga daxldor keyingi qadamlarni ham ko‘rib chiqdik. Yetakchilar chegara masalalari bo‘yicha ikki tomonlama uchrashuvlarni qayta boshlashga kelishib oldi. Ayni choqda, yetakchilar 1991 yilgi Olmaota deklaratsiyasiga va Armaniston hamda Ozarbayjonning unga muvofiq tarzdagi hududiy yaxlitligiga sodiq ekanini tasdiqladi. Chegaralarning yakuniy delimitatsiyasi muzokaralar yo‘li bilan hal etiladi», – dedi Sh.Mishel.

Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari bunga qadar ham Bryusselda uch tomonlama formatda bir necha bor uchrashdi. Tahlilchilar Boku va Yerevan o‘rtasida munosabatlarni me’yorlashtirish borasidagi muzokaralarni umidli qadam deb baholamoqda.

Avval xabar berganimizdek, Ozarbayjon Armanistonga o‘zaro munosabatlarni izga solishni nazarda tutuvchi besh banddan iborat taklif bilan murojaat qilgan. Mazkur takliflar ikki mamlakat robitalarini qayta yo‘lga qo‘yishga qaratilgan fundamental tamoyillarni o‘z ichiga oladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring