Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT: Buning uchun 15 yil vaqt, millionlab dollar mablag‘ zarur...

BMT: Buning uchun 15 yil vaqt, millionlab dollar mablag‘ zarur...

Foto: TASS

Isroil armiyasi hujumi oqibatida G‘azo sektori butunlay yakson bo‘ldi. Bombardimonlar oqibatida hosil bo‘lgan 40 million tonna bino vayronalari hamda tog‘-tog‘ bo‘lib uyulgan chiqindini tozalash uchun kamida 15 yil vaqt va 500-600 million dollar mablag‘ zarur bo‘ladi. Bu haqda BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi ma’lum qildi.

G‘azo hududini tozalash vaqt va mablag‘ talab etib qolmay, xavfli yumush hamdir. Negaki,  vayronalar orasida Isroil tomonidan tashlangan va portlamay qolgan minglab bomba qolib ketgan. Yaqinda yahudiy davlati matbuoti 2023-yil 7-oktyabrdan buyon Isroil armiyasi G‘azoga jangovar uchoqlardan 50 mingga yaqin bomba yog‘dirgani, ulardan 2-3 mingi portlamay qolgani haqida yozgandi.

Yanada taassuflanarlisi, vayronalar ostida sanoqsiz inson jasadlari  mavjud. Avvalroq Buyuk Britaniyada joylashgan «Save the Children» (Bolalarni muhofaza etish) tashkiloti vayronalar ostida qolib nobud bo‘lgan bolalarning o‘zi 4 mingdan ziyod ekani haqida bong urgandi.

BMTning atrof-muhit muhofazasiga mas’ul tuzilmasi hisobotida qayd etilishicha, Isroil hujumi natijasida G‘azo sektoridagi 137 mingdan ziyod bino va inshoot — maktab, shifoxona, turarjoy va boshqa muhim infratuzilma obyektlari zarar ko‘rgan, ularning katta qismi butunlay vayron bo‘lgan. Xalqaro tashkilot vakili, masalan, G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida birorta sog‘ bino qolmaganini urg‘ulagan.

Joriy yil may oyida BMT Taraqqiyot dasturi G‘azodagi binolarni tiklash eng optimistik ssenariyda 2040-yilga qadar tugatilishi, to‘laqonli rekonstruksiya uchun 40 milliard dollar mablag‘ ketishini ma’lum qilgan. Kun sayin vayronalar ko‘payib, talab etiladigan mablag‘ miqdori oshib bormoqda.

9-iyun holatiga ko‘ra, G‘azo sektori va unga yaqin aholi punktlarida 330 ming tonnadan ziyod chiqindi yig‘ilgan. Bu esa atrof-muhit tozaligi va salomatlik uchun halokatli oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Isroil armiyasi HAMAS hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon o‘tgan 286 kun mobaynida 39 848 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 89 459 kishi jarohatlandi.

«The Lancet» jurnalida chop etilgan maqolada ta’kidlanishicha esa, G‘azo sektoridagi urush davomida halok bo‘lgan falastinliklar soni 186 ming kishidan ortadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring