Birinchi bosh vazir-ayol Italiya hukumatini shakllantiradi

Mamlakat prezidenti parlament saylovida g‘alaba qozongan «Italiya birodarlari» partiyasining yetakchisi Jorja Meloniga hukumatni shakllantirish vakolatini berdi.
Jorja Meloni (45 yosh) Italiya tarixiga birinchi bosh vazir-ayol sifatida kirmoqda.
«Prezident Meloni xonimga hukumatni shakllantirishni topshirdi, u rozilik berdi», — ma’lum qildi prezident administratsiyasi bosh kotibi Ugo Dzampetti.
Dzampetti qo‘shimcha qilishicha, Meloni davlat rahbariga vazirlik lavozimlariga nomzodlar ro‘yxatini taqdim etgan. Ularning aksariyati — «Italiya birodarlari» partiyasi vakillari.
Italiyaning yangi hukumati bugun, 22-oktyabr kuni qasamyod qilishi rejalashtirilgan.
Italiyadagi parlament saylovida «Italiya birodarlari» o‘nglar partiyasi eng ko‘p — 26 foiz ovoz to‘plagan. Partiyaning koalitsiyadoshlari — Matteo Salvini boshchiligidagi g‘ayriimmigrantlar «Liga»si hamda sobiq bosh vazir Silvio Berluskonining «Olg‘a, Italiya»si bo‘ldi.
Jorja Meloni — an’anaviy oilaviy va xristian qadriyatlari, immigratsiyani cheklash, Yevropaning xavfsizligi uchun kurashish, iqtisodiy liberalizm va proteksionizm g‘oyalari tarafdori. Geosiyosiy maydonga u atlantizm (Yevropa va Shimoliy Amerika mushtarakligi) pozitsiyasi vakilasi sifatida kirib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter