Bemorning oyog‘idan 7 kilogrammlik o‘simta olib tashlandi
Sankt-Peterburg saraton markazining jarrohlari bemorning son qismidan 7 kilogrammlik o‘smani olib tashlashdi.
Erkak uch yil avval son qismida shish paydo bo‘lganini payqab, MRT tekshiruvidan o‘tadi. Tashxis natijasida diametri taxminan 13 santimetr bo‘lgan neoplazma borligi ma’lum bo‘ladi. Bir yil o‘tgach, erkak Sankt-Peterburg onkologiya markaziga murojaat qilib, o‘simta doimiy ravishda kattarib borayotganidan shikoyat qildi. Shifokorlar unga miksofibrosarkoma – ko‘pincha qo‘l va oyoqlarda hosil bo‘ladigan xavfli o‘sma tashxisini qo‘yishadi.
Noxush xabar eshitgan bemor saraton markazini tark etdi va 2021-yilning fevral oyida o‘simta hajmi yetti kilogrammgacha yetganida yana qaytib keldi. Neoplazma sonning barcha muskullariga tarqalib, tomirlar va nervlarni siqib borayotgandi.
To‘rt soat davom etgan jarrohlik amaliyotida shifokorlar o‘simtani olib tashlashgan. Qayd etilishicha, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan, bemor ko‘p bo‘lmagan miqdorda qon yo‘qotgan.
Shifokorlarning aytishicha, agar bemor dastlab tashxis qo‘yilgan paytdayoq operatsiya stoliga yotganida unga ancha oson kechishi mumkin edi. Endi u tizza bo‘g‘imiga yaqin mushaklarni himoya qilish uchun butun umr tizza tutqichini kiyib yurishi kerak bo‘ladi.
Bemor hozir kasalxonada, nur terapiyasidan o‘tmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter