Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayden prezidentligining so‘nggi soatlarida qanday farmonga imzo chekkani ma’lum bo‘ldi

Bayden prezidentligining so‘nggi soatlarida qanday farmonga imzo chekkani ma’lum bo‘ldi

AQSh prezidenti Jo Bayden davlat rahbari sifatidagi so‘nggi soatlarda bir qator shaxslarni afv etishga doir farmonga imzo chekdi. Bu haqda Axios nashri xabar berdi.

Bayden, jumladan, AQSh Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi sobiq rahbari, iste’fodagi general Mark Milli, Allergik va yuqumli xastaliklar instituti sobiq rahbari Entoni Fauchi,  AQSh Kongressi sobiq a’zosi Liz Cheyni hamda 2021 yil 6 yanvar kuni Kapitoliyga uyushtirilgan hujum uchun Donald Trampni javobgarlikka tortishga muvaffaq bo‘lgan Vakillari palatasi vakillarini avvaldan afv etishga qaror qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Bayden 20 yanvar kuni prezidentlik vakolatini bajarishga kirishgan Tramp ushbu shaxslardan qasos olmasligi va ularni ta’qib etmasligi uchun avfnoma e’lon qilgan.

Bu shaxslar ayni paytda biror bir jinoyatda ayblanayotgani yo‘q, ularga nisbatan surishtiruv yoki tergov ham yuritilmayotir. Bayden imzolagan afvnoma ularning istiqboldagi jinoiy ta’qiblardan himoya qiladi.

Gap shundaki, Donald Tramp avvalroq iste’fodagi general Mark Millini birinchi prezidentlik davrida buyrug‘ini bajarmagani vajidan davlatga xiyonatga ayblagan. Qolaversa, general Milli Trampni keskin tanqid qilib kelgan.

Pandemiya davrida AQSh hayotida katta o‘rin tutgan Entoni Fauchi ham Trampning g‘azabiga uchragan. Tramp pandemiyaning xatarini kamaytirishga uringani ma’lum.

Sobiq deputat Liz Cheyni ham Trampning ashaddiy tanqidchilaridan biri sanaladi. Tramp avvalroq Cheyni va boshqa muxoliflari qamalishi kerakligi haqida bayonot bergan.

Baydenning afv haqidagi farmoni o‘z muxoliflarini qamash bilan tahdid qilgan Trampning “oyoq-qo‘lini bog‘lash”ga qaratilgan. Ayni paytda hali jinoyat qilmagan shaxslarga nisbatan avvaldan afv e’lon qilinishi kelgusi prezidentlar tomonidan afv e’lon qilish vakolati turlicha talqin etilishiga yo‘l ochishi mumkin, degan xavotirlar ham bor. 

Bayden 2024 yil dekabr oyida o‘nlab jinoyatchilarni ham afv etgan edi. AQShning 46-prezidenti o‘z o‘g‘li Hanter Baydenni ikkita jinoiy ish bo‘yicha afv etgani esa bahslarga sabab bo‘lgandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring