Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ar-Riyodda 4,5 soat davom etgan AQSh-Rossiya muzokaralari yakunlandi

Ar-Riyodda 4,5 soat davom etgan AQSh-Rossiya muzokaralari yakunlandi

Bugun, 18-fevral kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash hamda Ukrainadagi vaziyatga bag‘ishlangan AQSh-Rossiya muzokaralari bo‘lib o‘tmoqda.

Muzokaralar matbuot ishtirokida va hech qanday kirish so‘zlarisiz boshlangan.

Muzokaralar stolida Rossiya tomonidan mamlakat tashqi ishlar vaziri Lavrov va prezident yordamchisi Ushakov, AQSh tomonidan esa Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Vals, Davlat kotibi Rubio va maxsus elchi Vitkoff ishtirok etyapti.

Saudiya Arabistoni tomonidan muzokaralarga mamlakat tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud va Davlat vaziri lavozimidagi milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Musaid bin Muhammad Al-Aybon vakillik qilmoqda.

RF Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarovaning bildirishicha, muzokaralar jarayonida Rossiya AQShning ko‘plab masalalarni muhokama qilish niyatida ekanligini ko‘rmoqda. Jumladan, «AQSh ma’muriyati Ukrainani ham muhokama qilish niyatida».

Zaxarova, shuningdek, Ukrainaning NATOga a’zoligini qabul qilib bo‘lmasligini, Moskva shu kunga qadar Ukrainadagi vaziyatni izga solish bo‘yicha g‘oyalarni taklif qilib kelayotgan Xitoy va boshqa davlatlarning sa’y-harakatlarini doimo yuqori baholab kelgani, shuningdek, Yevroittifoq Ukraina mojarosini harbiy yo‘l bilan hal qilishga e’tiborini qaratayotganini ta’kidlagan.

Muzokaralar stoli atrofida, shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi armiyasini yaratish haqidagi bayonotlar haqida ham to‘xtalingan va bunday rejalarni diqqat bilan kuzatib borish va xulosalar chiqarish kerakligi ta’kidlangan.

«Rossiya Federatsiyasi va AQSh delegatsiyalari «qator masalalar bo‘yicha juda jiddiy suhbat qurdi».

Rossiya va AQShning Ukraina bo‘yicha muzokarachilardan iborat alohida guruhlari aloqaga kirishadi. Rossiya tomonidan Ukraina bo‘yicha muzokarachilar kim bo‘lishi esa hozircha noma’lum», – deydi Rossiya prezidenti yordamchisi Ushakov.

Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Amerika muzokaralari 4,5 soatlik muddatdan so‘ng yakunlandi.

Yaqin soatlarda Sergey Lavrovning bo‘lib o‘tgan muzokaralar bo‘yicha jurnalistlarning savollariga javob berishi kutilyapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring