Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShda o‘lim jazosi ijro etildi

AQShda o‘lim jazosi ijro etildi

Marsellas Uilyams.

Foto: Missouri Independent

AQShning Missuri shtatida 26 yil avval ro‘y bergan qotillikda ayblangan 55 yoshli Marsellas Uilyams qatl etildi. Kecha, 24-sentyabr kuni qamoqxonada o‘lim jazosi in’yeksiya yuborish yo‘li bilan ijro etildi, deb xabar berdi CNN.

O‘lim hukmi 2001-yilda chiqarilgan. Uilyams 1998-yilda sobiq jurnalist, ijtimoiy xizmat xodimi Felitsiya Geylning uyini tunashga kirib, uni o‘ldirganlikda ayblangandi.

Jarayon uzoq davom etdi, turli sabablar bilan ish qayta-qayta ko‘rildi. 2015-yilda ekspertiza Uilyamsning DNKsi gumon qilingan qotilning DNKsi bilan mos kelmasligini ko‘rsatgan. Uilyamsning advokatlari uning aybi faqat ikki kishining guvohligiga qurilganidan, o‘lim hukmini chiqargan 12 kishilik hakamlar hay’atidagilarning 11 nafari oq tanli ekanligidan shikoyat qilishgan.

Uilyamsning o‘lim jazosini bekor qilish haqidagi petitsiya Innocence Project saytida 720 mingdan ortiq ovoz to‘pladi. Uilyams hech qachon aybiga iqror bo‘lmagan, uning oila a’zolari, okrug prokurori va hatto marhumaning oila a’zolari ham o‘lim jazosini ijro etmaslikni so‘rashgan.

2023-yil iyunida shtatning yangi gubernatori Mayk Parson jarayon juda cho‘zilib ketganini vaj qilib, Uilyamsning ishini ko‘rib chiqayotgan komissiyani tarqatib yubordi.

23-sentyabrda, o‘lim jazosi ijrosidan bir kun avval gubernator Mayk Parson bayonot berdi. «Uilyams o‘z aybsizligini isbotlash uchun kerakli barcha sud vositalaridan (jumladan, 15 dan ortiq eshituvdan) foydalanib bo‘ldi. Shu ish bo‘yicha real faktlardan hech biri meni Uilyamsning aybsizligiga ishontira olmadi, hukm ijro etiladi», — dedi Parson.

To‘liq tafsilotlar ushbu havolada.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring