Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh hukumati o‘z fuqarolarini zudlik bilan Rossiyani tark etishga chaqirdi

AQSh hukumati o‘z fuqarolarini zudlik bilan Rossiyani tark etishga chaqirdi

AQShning Moskvadagi diplomatik vakolatxonasi 27-sentyabr kuni Rossiyada istiqomat qilayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan AQSh fuqarolari uchun xavfsizlik choralari to‘g‘risida ogohlantirish berdi.

Rasmiylar o‘z fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga sayohat qilishdan tiyilishga va ayni paytda «Rossiyada yashayotgan yoki sayohat qilganlarni darhol mamlakatni tark etish»ga chaqirmoqda.

Elchixona AQSh fuqarolarining e’tiborini Rossiya rasmiylarining 21-sentyabr kuni e’lon qilgan safarbarligi munosabati bilan ham AQSh, ham Rossiya pasportiga ega bo‘lgan fuqarolar (AQSh qonunchiligi ikki fuqarolikka ruxsat beradi, -tahr.) harbiy safarbarlikka jalb qilinishi xavfi yuqoriligiga qaratmoqda.

«Ayni vaqtda tijoriy havo qatnovlari juda cheklangan va qisqa vaqt ichida butunlay to‘xtashi mumkin. Avtomobil va avtobuslarda quruqlik orqali qaytish yo‘llari esa hali ham ochiq. Agar siz Rossiyani tark etmoqchi bo‘lsangiz, imkon qadar tezroq bir qarorga kelishingiz kerak. Elchixonaning AQSh fuqarolariga yordam berish imkoniyati, xizmat ko‘rsatish doirasi, jumladan transport masalalarida, cheklangan. Ehtimol bu cheklovlar yanada kuchayishi mumkin», – deyiladi ma’lumotda.

Elchixona, shuningdek, AQSh fuqarolariga «Rossiyada tinch yig‘ilishlar va so‘z erkinligi kafolatlanmaganini» eslatadi.

«Barcha siyosiy yoki ijtimoiy norozilik namoyishlaridan uzoqroq turing. Bu tadbirlarda xavfsizlik xodimlarini suratga olmang. Rossiya hukumati namoyishlarda qatnashgan AQSh fuqarolarini hibsga olyapti», – deyiladi AQShning Moskvadagi diplomatik vakolatxonasi ogohlantiruvida. 

O‘z navbatida Rossiyada bo‘lib turgan AQSh fuqarolariga:

  • Rossiyada bo‘lib turish bo‘yicha Departament tavsiyalarini ko‘rib chiqishni;
  • Shaxsni tasdiqlovchi haqiqiy hujjatlarni, jumladan Rossiya vizasi bo‘lgan AQSh pasporti bilan yurishni;
  • AQSh hukumatining yordamiga bog‘liq bo‘lmagan favqulodda vaziyatlar rejasiga ega bo‘lish lozimligi uqtirilmoqda.

Euronews nashri esa mazkur xabarni chop etib, bu ogohlantirishni Rossiya chegaralarining hali e’lon qilinmagan harbiy holat ortidan yopilishi mumkinligi bilan bog‘layapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring