Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

950 yil avval dunyo xaritasini o‘zgartirgan muhim hodisa ro‘y bergan...

950 yil avval dunyo xaritasini o‘zgartirgan muhim hodisa ro‘y bergan...

Foto: AA

Turkiyada muhim tarixiy hodisa – Malazgirt g‘alabasining 950 yilligi keng nishonlanmoqda. Ushbu jang nafaqat turkiy dunyo, balki dunyo xaritasida muhim o‘zgarishlarga yo‘l ochgan edi.

Malazgirt jangi ro‘y bergan hudud – Turkiyaning Bitlis viloyatida tashkil etilgan anjumanda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham ishtirok etdi.

Turkiya rahbari o‘z chiqishida Malazgirt g‘alabasi turk xalqining ko‘p asrlik shonli tarixiga debocha bo‘lganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Turkiya bir asr avval o‘z chegaralarini saqlab qolish uchun kurashgan bo‘lsa, endilikda mintaqa va jahonda o‘z fikrini o‘tkazishga qodir mamlakatga aylandi. Erdo‘g‘on na terrorchi tashkilotlar, na axboriy xurujlar mamlakat xalqiga zarar yetkazishiga yo‘l qo‘yilmasligini urg‘uladi. U, ayni choqda, 2023-yil – Turkiya respublikasi e’lon qilinganining 100 yilligi oldidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarga ham e’tibor qaratdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Turkiya prezidenti devoni jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi mazkur tarixiy hodisaga bag‘ishlangan rolik tayyorladi.

Turkiya rahbari bayram tadbirlari doirasida Bitlis viloyatidagi saljuqiylar davriga oid qadimiy qabristonni ham ziyorat qildi. Turk-musulmon dunyosining muqaddas qadamjolaridan sanalgan qabriston YuNESKOning butunjahon madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: Google Images

Malazgirt g‘alabasi islom va turkiylar tarixi solnomasidagi muhim tarixiy voqealar sirasiga kiradi. 1071-yilning 26-avgustida Saljuqiylar davlati sultoni Alp Arslon Malazgirtda Vizantiya imperatori Roman IV Diogenning bir necha baravar ko‘p sonli qo‘shini ustidan zafar qozongan. Mazkur g‘alaba turklarga Onado‘li darvozalarini ochib berdi. Keyinchalik olti asr davomida hukm surgan Usmonli saltanati hamda zamonaviy Turkiya davlati shakllanishiga ham ushbu tarixiy hodisa poydevor bo‘lgan deyish mumkin.

Tarix kitoblarida Buyuk saljuqiylar davlati deb atalgan turkiy saltanat (1038–1308) Yaqin va O‘rta Sharq, qisman Movarounnahrni birlashtirgan. O‘z davrida Termiz, Buxoro, Samarqand shaharlari hamda Farg‘ona vodiysi saljuqiylar bayrog‘i ostida bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring