Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

20 yil davlat tepasida. Erdo‘g‘on erishgan eng katta siyosiy yutuq nima?

20 yil davlat tepasida. Erdo‘g‘on erishgan eng katta siyosiy yutuq nima?

Foto: Xabar.uz

Kecha, 14 may kuni Turkiyada bo‘lib o‘tgan prezident saylovini butun dunyo katta qiziqish bilan kuzatdi. Negaki, xalqaro siyosatda tobora mustahkam o‘rin egallayotgan mamlakatda oliy boshqaruvning o‘zgarishi nafaqat mintaqa, balki jahon siyosiy nizomiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Saylovda asosiy kurash amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda Jumhuriyat xalq partiyasi raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘rtasida kechdi. Byulletenlarning 98 foizi hisoblab chiqilgach, Erdo‘g‘onga 49,94 foiz, uning raqibi esa 44,3 foiz elektorat ishonch bildirgani ma’lum bo‘ldi. Nomzodlarning hech biri 50 foizdan yuqori ovoz to‘play olmagani prezidentlik poygasining ikkinchi tur o‘tkazilishidan dalolat beradi.

Saylovda ko‘pchilik ovozini yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan 69 yoshli Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 20 yildan buyon davlat tepasida. U 2003-2014 yillarda bosh vazir bo‘lib ishlagan. 2014 yil 28 avgustdan prezident lavozimiga kirishgan. 2018 yilda o‘tkazilgan muddatdan oldin saylovda davlat rahbarligiga qayta saylangan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rahbarligi davrida Turkiya tashqi siyosatda o‘z so‘zi va pozitsiyasiga ega davlat sifatida namoyon bo‘ldi. Yigirma yil avval Turkiya, ta’bir joiz bo‘lsa, G‘arbning sokin-osoyishta bandargohi edi, mintaqadagi muhim masalalar ummon orti yoki qadim dunyo poytaxtlarida hal etilardi. O‘tgan salkam chorak asr ichida esa Anqara mintaqaviy kuch markazlaridan biriga, islom dunyosining xalqaro maydondagi o‘ktam ovoziga aylandi. 

Tahlilchilarga ko‘ra, Turkiya – jumhuriyat asoschisi Mustafo Kamol Otaturk davridan buyon bu qadar jiddiy o‘zgarishga yuz tutmagan edi.

Saylov kunlarida o‘zbekzabon ijtimoiy tarmoqlarda ham Erdo‘g‘on shaxsiyati keng muhokama qilindi, uning yutuqlari, kamchiliklariga e’tibor qaratildi.

Tahlilchi Mahmud Usmonning fikricha, Erdo‘g‘onning eng katta yutug‘i Turkiya siyosatini sobiq mustamlakachilar yoki G‘arbga xizmat qiluvchi harbiylardan tozalagani bo‘ldi. Shuningdek, u tashqi bosimlarga qarshi tura oladigan, qadriyatlarga asoslangan davlat qurishga harakat qildi.

«Har safar biror musulmon diyorida erkin va G‘arbga tobe bo‘lmagan davlat qurish chaqirig‘i paydo bo‘lsa, G‘arb harbiylarga u chaqiriq egalarini yo‘q qilishni buyurdi. Oqibatda, 1960 yilda (Turkiya bosh vaziri) Adnan Menderes o‘ldirildi. Har safar Turkiyada biror rahbar qadriyatlarga asoslangan va G‘arbdan mustaqil davlatchilikka asos solmoqchi bo‘lsa, harbiylar to‘ntarish qilaverdi. Bu to‘ntarishlarning oxirgi qurboni Erbakan bo‘ldi... Erdo‘g‘onning eng katta yutug‘i – u o‘z yurti siyosatini sobiq mustamlakachilarga yoki G‘arbga xizmat qiluvchi harbiylardan tozalay oldi», – deb yozdi M.Usmon.

Adolat va taraqqiyot partiyasi (Adalet ve Kalkınma Partisi) asoschisi Erdo‘g‘on o‘zini muhofazakor demokrat deb ataydi. Muxoliflari esa uni avtoritarizmda ayblaydi.

Ekspert Otabek Bakirov ham Turkiyadagi saylovda amaldagi rahbarning g‘alabasi «avtoritar liderlar ommabopligi va tobora kengayib borayotgan yakkahokimchilik modeli trendini yanada kuchaytiradi» deb hisoblaydi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha esa, bugungi kunda Turkiyadagi siyosiy tizimni avtoritar deyish uchun ham, demokratik deyish uchun ham asoslar bor.

«Har bir demokratik tizimning shunday pallasi bo‘ladiki, unda hali hokimiyatni yoki avtoriteti katta bo‘lgan siyosiy shaxslarni «tiyib turish» mexanizmlari zaif bo‘ladi. Misol uchun, Ikkinchi jahon urushidan keyingi Fransiyadagi Sharl de Gollni, Angliyadagi (Uinston) Cherchilni, AQShdagi (Franklin Delano) Ruzveltni, bugungi siyosatshunoslar «nisbatan avtoritar bo‘lgan» deb aytishadi. Erdo‘g‘on ham Turkiyada juda katta avtoritetga ega. Mana shu avtoritet orqali o‘z opponentlarini «siyosiy yanchib tashlash» imkoniyati Erdo‘g‘onda bor va bu imkoniyatni u ishlatgan ham», – deydi K.Rabbimov.

Siyosatshunosga ko‘ra, Erdo‘g‘on Turkiyadagi siyosiy plyuralizmni, ko‘ppartiyaviylikni, vatandoshlik jamiyatini demontaj qilmadi va qilishga intilmadi ham.

Aksar tahlilchilar xulosasiga ko‘ra, Turkiyada demokratiya shu juda chuqur ildizga egaki, biror siyosatchi istasa ham uni yo‘q qila olmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring