Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

15-iyun – Ozarbayjon milliy najot kuni. Bu qanday sana o‘zi?

15-iyun – Ozarbayjon milliy najot kuni. Bu qanday sana o‘zi?

2003 yildan buyon Ozarbayjon prezidenti lavozimida H.Aliyevning o‘g‘li I.Aliyev faoliyat yuritmoqda.

Bugun, 15-iyun Ozarbayjonda milliy najot kuni sifatida bayram qilinyapti. Ushbu sana 1993-yili davlat hokimiyatiga atoqli siyosiy arbob Haydar Aliyevning kelishi bilan bog‘liq.

Mamlakat matbuotiga ko‘ra, o‘sha kezlar Ozarbayjon sinovli kunlarni boshdan kechirayotgan, milliy davlatchilik va hududiy yaxlitlik katta xavfga ro‘baro‘ kelgan edi.

Milliy yetakchi H.Aliyevning davlat tepasiga kelishi bilan mamlakat ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy buhrondan chiqa oldi. Qayd etilishicha, yangi rahbar mamlakatni real xavf-xatardan qutqarib, yangi taraqqqiyot strategiyasini belgiladi. Qurolli to‘dalar zararsizlantirilib, agressiyaga qarshi chora-tadbirlar ko‘rildi.

H.Aliyev hokimiyatga kelgach, milliy uyg‘onish va mustaqillik harakati qat’iy-mustahkam tus olgani, zamonaviy davlatchilik poydevori qo‘yilgani va mustahkamlangani aytiladi. Shunga ko‘ra, 15 iyun sanasi milliy najot kuni sifatida belgilangan.

1994-yilda xorij energetika shirkatlari bilan neft konlariga doir «Asr shartnomasi» deb atalgan bitim imzolangan. Yevropa siyosat markazi tahlilchisi Amanda Pol aynan «Asr shartnomasi»ning imzolanishini zamonaviy Ozarbayjon tarixida burilish nuqtasi deb baholagan.

Atlantic Council tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi Ariel Koenning qayd etishicha, Ozarbayjon rahbari o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Bill Klinton, Gruziya yetakchisi Eduard Shevardnadze hamda yirik neft shirkatlari bilan birgalikda Boku–Tbilisi-Jayhun neft quvurini barpo etishni ta’minladi. Endilikda o‘sha poydevor asosida yirik gaz loyihalari amalga tatbiq etilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ozarbayjonlik hamkasbi Haydar Aliyevning siyosiy yetakchilik qobiliyatiga yuqori baho bergani haqida xabar bergandik.

1923-yilda tavallud topgan H.Aliyev sovet tuzumi davrida uzoq yillar yuqori rahbar lavozimlarda ishlagan, jumladan, Ozarbayjonni idora etgan. 1993-2003 yillarda esa mustaqil mamlakat prezidenti sifatida faoliyat yuritgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring