10 yoshli voris. Kim Chen Inning o‘rnini kim egallashi ma’lum...
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning vorisi masalasi ko‘pdan buyon siyosiy davralarda muhokama qilib kelinadi. Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati bu borada o‘z xulosasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Kim Chen Inning 10 yoshli qizi Kim Chju E bo‘lajak davlat rahbari sifatida tayyorlanmoqda.
2022 yildan KXDR «dohiy»sining qizi muhim siyosiy va harbiy tadbirlarda otasiga hamrohlik qila boshladi. O‘tgan yili u goh rahbar otasi bilan birinchi harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishga tayyorgarlikni ko‘zdan kechirgan bo‘lsa, goh armiyaning jangovar shayligini tekshirishda qatnashdi.
«Kim Chju Ening jamoatchilik nigohidagi faoliyati hamda unga ko‘rsatilayotgan hurmat darajasini sinchkovlik bilan tahlil qilish xulosalariga tayanib, u eng munosib voris sifatida ko‘rilayotganini taxmin qilish mumkin», – deyiladi Janubiya Koreya josuslik idorasi bayonotida.
Janubiy Koreya birlashish vaziri Kim Yon Xo ham 2023-yil dekabr oyida tashkil qilingan matbuot anjumanida shunday xulosa bergan edi.
Shimoliy Koreya matbuoti avvalroq Kim Chen Inning qizini «sevimli» deb sifatlagan bo‘lsa, keyingi vaqtlarda unga nisbatan «hurmatli» nisbasini qo‘llamoqda. Tahlilchilar buni jiddiy ishora deb baholamoqda. Chunki Kim Chen Inning o‘ziga nisbatan «muhtaram o‘rtoq» sifati u mamlakatning bo‘lajak rahbari sifatida uzil-kesil tan olingandagina ishlatila boshlagan.
Kim Chen In hali nisbatan yosh, yana ikki kundan keyin, 8 yanvarda u 42 ga to‘ladi. Ayni shu jihatga e’tibor qaratgan The New York Times gazetasi Shimoliy Koreyada vorisiylik borasida kutilmagan o‘zgarishlar ro‘y berishi ehtimolini ham soqit qilmagan.
Shimoliy Koreya patriarxal qarashdagi davlat sanaladi. Bu jihatdan hukumat tepasiga ayol kishining kelishini jamiyat birdaniga qabul qila olmasligi mumkin. Sky News tahliliga ko‘ra, 10 yoshli qizini muntazam ravishda yonida olib yurish orqali Kim Chen In, avvalo, qizaloqqa shohona boshqaruv rasm-rusumlarini o‘rgatmoqda. Qolaversa, u jamoatchilikni ham ayol yetakchi timsolini qabul qilishga ruhan hozirlayotir.
Bunga qadar «dohiy»ning 36 yoshli singlisi, hozirda Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasining targ‘ibot va tashviqot bo‘limi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Kim Yo Chjon ehtimoliy voris o‘laroq ko‘rilgan edi. 2020 yilda ham Kim Chen In yurak jarrohligi operatsiyasidan keyin o‘lim to‘shagida yotgani, uning o‘rnini singlisi egallashi haqida ovoza tarqalgandi.
Kim Chen Inning ukasi Kim Pxyon Ir esa «zaxiradagi voris» deb baholangani ma’lum.
Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi ta’sis etilgan 1948 yildan buyon o‘lkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Kim Ir Sen 1948–1994, Kim Chen Ir 1994–2011 yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan «taxt»ni 2011 yilda Kim Chen In egallagan. Shimoliy Koreya aholisi ongiga Kim sulolasi vakillari tomirida muqaddas qon oqishi, ular mamlakat boshqaruviga ilohiy kuchlar tomonidan yo‘llangani haqidagi cho‘pchaklar singdiriladi. Shunga ko‘ra aksar tahlilchilar mazkur sulolaning to‘rtinchi avlodi ham oliy hokimiyatni egallashiga shubha qilmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter