Yolg‘on ochiqlik. Bolalarni global tarmoq xavfidan qanday himoyalash mumkin?
So‘nggi vaqtlarda butun dunyo bolalar teleko‘rsatuvlari va multfilmlarning yakunida tavsiya qilinayotgan «YouTube»dagi «Elsagete»ning g‘alati roliklarini muhokama qilmoqda. Yosh internet foydalanuvchilarini xavfdan qanday himoyalash mumkin? Bu borada IT-mutaxassisi, dasturlash kursi va bolalar o‘yinlari muallifi Valeriy Pazyuk o‘z fikrlarini «AiF.ru» bilan o‘rtoqlashdi.
Internetda — xuddi ko‘chada yurgandekman
— Valeriy, farzandlari asosiy vaqtini gajdetlar ekrani qarshisida o‘tkazayotgan ota-onalarning dolzarb savoli: bolani qanday qilib salbiy axborotdan saqlash mumkin?
— Menga murojaat qilgan ota-onalarning aksariyati farzandlarining brauzeri tarixida saqlanib qolgan turli g‘alati sahifalar, erotik va pornografik materiallar topib olishayotganidan shikoyat qilishadi. Hozirgi bolalar o‘zlaridan avvalgi avloddan, masalan, 100, 50, boringki, 10 yil oldingi bolalardan ancha farq qiladi. Tan oling, oldingi bolalarning har birida internet tugul kompyuter ham bo‘lmagan. Ayni vaqtda esa internet kundalik hayotimizning har bir jabhasiga kirib bo‘ldi.
Zamonamiz bolalari onlayn-o‘yinlarni, chatlarda «suhbatlashish»ni ma’qul ko‘radi. O‘n nafar maktab o‘quvchidan sakkiztasi bir sutkada 8 soat internetda o‘tiradi, bu katta tavakkalchilik demak: ularning yarmidan ko‘pi telefon raqamini, manzilini, suratlarini tarmoqqa joylashtiradi. Natijada esa ular axborot xavfsizligidan xabardor tengqurlariga qaraganda to‘rt barobar ko‘proq ta’qibga uchraydi. Internetdan foydalanishning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor.
— Aynan qanday?
— Zamonamiz bolalarini onlayn hayotdan real hayotga ko‘chirib o‘tkazish juda mushkul. Shunday ekan, bolangiz internet tarmog‘ida «yashayaptimi», demak u yerda avvallari ko‘chada duch kelishi mumkin bo‘lgan xavflarga ham yo‘liqishi mumkin. Oldinlari bolalarga ko‘chada begonalar bilan gaplashmaslik uqtirilardi — xuddi shu ishni virtual olamda ham bajarish kerak. Bolani tarmoqda xafa qilishi ehtimolligi yuqori, chunki internet anonim. Agarda bola internet-xavfsizligi haqida yetarlicha tushunchaga ega bo‘lmasa, u qandaydir aldanish yoki trolling qurboniga aylanishi, moliyaviy yoki ruhiy jabr ko‘rishi mumkin.
Keling, internet aslida nima maqsadda yaratilganini eslab ko‘raylik. U global ma’lumotlar va kommunikatsiya to‘ri, yagona yirik kutubxona sifatida yaratilgan. Biz u orqali yangi kerakli ma’lumotlarni olish o‘rniga, turli ijtimoiy tarmoqlarda o‘tiramiz. Internetdagi o‘yinlarga mutlaq bog‘lanib qolgan bolakayni undan chalg‘itishning eng yaxshi yo‘li — unga boshqa ovunchoq topish.
— Bolaga buning o‘rniga aynan nima tavsiya qilish mumkin?
— U bilan kompyuter qarshisida birga o‘tiring va hech bo‘lmaganda bitta qiziqarli masalani o‘rganishga harakat qiling. Masalan, tarixga nazar tashlang: farzandingizga qadimgi Misr haqida ko‘proq ma’lumot topishni taklif qiling. Yoki bolangiz o‘zga sayyoraliklar haqida eshitgan, ular ishtirokidagi o‘yinlarni o‘ynasa — yaxshisi tarmoqda ular haqida qiziqarli ma’lumotlarni qidirib ko‘rsin. Ya’ni bolani o‘yinlardan boshqa bir foydali narsaga chalg‘itish kerak.
— Internetda bolalarga IT-kurslar o‘tuvchi darsliklarni qayerdan topsa bo‘ladi?
— Hozir barcha oliy ta’lim muassasalarining o‘z saytlari bor, u yerda abituriyentlar uchun ma’lumotlar, qo‘shimcha kurslar, bolalar va ularning ota-onalari uchun kurslar chop etib boriladi, butun boshli onlayn-maktablar bor. Maktab o‘quvchilari uchun alohida bo‘limlar mavjud bo‘lib, bolalar u yerda bilim olishi, masalalar yechishi mumkin.
Agarda farzandingiz sayt yaratishga qiziqsa, u o‘ziga kerakli ma’lumotlarni topa oladi va bir-ikki oydan so‘ng mustaqil ravishda o‘z loyihalarini yaratishi mumkin, hatto foyda ko‘rishi ham. Eng muhimi — kerakli narsaga chalg‘ish! Bolaga internet shunchaki oddiy o‘yinchoq emasligini, balki bilim olish, dunyoni tanishda juda kerakli narsa ekanligini ochiq ko‘rsatib berish kerak.
— Siz tarmoqdagi anonim xavflar haqida gapirdingiz — ularga qarshi nima qilish mumkin?
— Anonimlik rostdan ham nafaqat bolalar, balki tarmoqning boshqa foydalanuvchilari ham duch kelishi mumkin bo‘lgan asosiy xavflardan biri. Ijtimoiy tarmoqlarning yoshi katta foydalanuvchilari buni biladi, ko‘pchilik akkauntlarning «buzib kirilishi»ga duch kelgan. Biz internet orqali kim bilan muloqot qilayotganimizni bilmaganimiz sabab, firibgarlar bundan foyda ko‘radi. Tarmoqda o‘zingizni istagandek tanishtirishingiz mumkin. Kimdir sizga «salom, men sening sinfdoshingman», deb yozsa — bu rostdan ham shunday ekanligini anglatmaydi.
Bolalar internet anonim bo‘lgani qaramay, aslida ochiq ekanligini va virtual «shahar»lar real shaharlardan farq qilmasligini tushunib yetishlari kerak. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda siz shaharning markaziy maydonida turgandeksiz, siz haqingizda ertami-kech baribir barcha narsa ma’lum bo‘ladi. Biz o‘z taassurotlarimizni, hissiyotlarimizni post sifatida joylashtiramiz, suratlarimizni tarqatamiz — bu kabi ochiqlik bolalar uchun doim ham xavfsiz emas. Siz tarmoqda ismingizni yashirishga qanchalik harakat qilmang, uni maxsus tayyorgalik orqali tezda aniqlab olish mumkin.
Shuning uchun bolalarga xavfsizlikning oddiy qoidalari haqida tushuncha berish darkor: ularga tarmoqda duch kelgan odamga shaxsiy muammoalarini aytmaslikni, uchrashuvlarga rozi bo‘lmaslikni, notanish kimsalardan sovg‘alar qabul qilmaslikni va o‘zlari haqida ma’lumot bermaslikni o‘rgatish lozim. Ya’ni kun tartibi, qayerda o‘qishi, sayr qilishi, sevimli dam olish joylari va ota-onasining qayerda ishlashi va h.k.
Bundan tashqari, bolalarga ulardan kimdir ota-onasining hayoti, xonadoni suratlari haqida qiziqsa, darhol bu haqda xabar berishga o‘rgatish lozim. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savollardan doim qochish lozim, hech qanday suratlarni yubormaslik kerak. Bolaga tarmoqqa o‘z oilasi haqida faqatgina ota-ona bilan maslahatlashgandan keyingina ma’lumot joylashtirishi mumkinligini tushuntirish kerak.
Farzandingizning do‘stlari safiga qo‘shilayotganlarni doim nazorat qilib boring.
— Bola internet-firibgarlarning qurboniga aylanib qolsa nima qilish kerak?
— Tarmoqda siz yoki farzandingiz bilan biror noxush hodisa sodir bo‘lsa, darhol politsiya ma’lum qiling, toki yovuz niyatli kimsaning «faoliyati» davom etmasin. Politsiyaning kiberjinoyatchilikka qarshi kurashuvchi maxsus bo‘linmasi bor.
— Ota-onalarning o‘zi farzandi kirishi mumkin bo‘lgan kontentga cheklov qo‘ya oladimi?
— Albatta, qo‘ya oladi, biroq hozirgi bolalarning aksariyati har qandayin «to‘siq»larni qiyinchiliksiz bosib o‘tishga qodir. Xavfli saytlardan himoya qiluvchi dasturlar bor — ularni «Yandeks.DNS»dan olish mumkin. Ayrim saytlarda kompyuterga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan kodlar bor. Boshqa sahifalar esa sizning parol va ma’lumotlaringizni o‘g‘irlash uchun yaratilgan bo‘lib, telefon hisoblaringizdagi pullarni yechib oladi. Bu kabi saytni ochganida «Yandeks.DNS» «xavfsiz» va «oilaviy» rejimlari orqali foydalanuvchini ogohlantiradi.
Yosh bolalar ko‘pincha kompyuterdan emas, balki planshetlardan foydalanadi. Ular uchun maxsus dasturlar mavjud bo‘lib — ayrim saytlarni bloklash imkoniyati bor.
Fikrimcha, bu masalada eng yaxshisi — ota-ona va farzand o‘rtasiga o‘zaro ishonch. Agarda ishonch bo‘lsa, hech qanday dastur shart emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter