Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Smartfoningizni shaxsiy yordamchiga aylantiruvchi 12 ilova

Smartfoningizni shaxsiy yordamchiga aylantiruvchi 12 ilova

Foto: «lifehacker.ru»

Bugun smartfonga ko‘p ishlarni yuklash mumkin, faqat ilova to‘g‘ri tanlansa bas. «Android» va «iOS» uchun mo‘ljallangan bu dasturlar ishlaringizni tartibga solib, xarajatlaringizni nazorat qiladi, qanchalik band bo‘lmang, unutgan rejalaringizni eslatib turadi.

Uyg‘otgichlar

«Alarmy»

Oddiy, ammo juda samarali bu uyg‘otgich sizni albatta issiq o‘rningizdan turishga majbur qiladi. Uni o‘chirish uchun shunchaki bir tugmani bosish kifoya qilmaydi, oldindan belgilab qo‘yilgan biron-bir ob’yektning suratini olishga majbursiz. Bu uydagi jihoz: kitob yoki choynak bo‘lishi mumkin.

«Dobroye utro» («Xayrli tong») uyg‘otgichi

Yostig‘ingiz yaqiniga qo‘yilgan bu «aqlli» uyg‘otgich uyqu fazalarini kuzatib borib, eng optimal vaqtda uyg‘otadi. Ilovada uyqu sifati statistikasi qayd etib borilib, uni yaxshilash uchun tavsiyalar beriladi. Tez uyqu keltiruvchi ovozlar (dengiz shovqini, yomg‘ir sadosi va boshqalar) ilova qilingan.

Ishlarni tartibga soladi

«Any.do»

Oddiy va ishlatish uchun qulay bu rejalashtirgich ishlar ro‘yxati, taqvim, eslatmalar va qaydlarni o‘z ichiga oladi. Har safar yangi topshiriqni qaytadan belgilab ovora bo‘lmaysiz, chunki ilovada tayyor qoliplar va kerakli so‘zlar keragidan ham ko‘p.

«Todoist»

Minimallashtirilgan, biroq funksionalligi ancha keng ilova. Ish samaradorligini oshirish uchun motivatsiya tizimiga ega, turli filtrlar va belgilar barcha topshiriqlar bo‘ylab oson qidiruvni ta’minlaydi. «Todoist» nafaqat shaxsiy maqsadlar, balki dedlaynga qat’iy rioya etiluvchi korporativ loyihalar uchun ham ajoyib vosita.

«Wunderlist»

Bu telefon, planshet va kompyuter uchun mos keluvchi eng yaxshi rejalashtirgich-ilovalardan biridir. Har bir bir topshiriqqa fotosuratlar, PDF-fayllar, hatto taqdimotlarni biriktirib qo‘yish mumkin.

Yo‘l ko‘rsatadi

«2GIS»

Ushbu oflayn-ma’lumotnoma kerakli tashkilotni xaritada topish, uning ish tartibini bilish, lozim bo‘lsa uning vakillari bilan bog‘lanish imkoniyatlarini taqdim etadi. Kerakli joyga yetib olish uchun esa undagi navigator yoki jamoat transportlari foydalanuvchilari uchun marshrutni shakllantirish funksiyasi qo‘l keladi. 300 dan ortiq shaharning keng funksiyali batafsil xaritalari bor.

«MAPS.ME»

Ilovada juda ko‘p binolar va qiziqarli sayyohlik yo‘nalishlari aks etgan detallashtirilgan xaritalardan oflayn (internetsiz) foydalanasiz. Yo‘nalish esa jamoat transporti, velosiped yoki yayov borishga qarab qo‘lda belgilab olinadi.  

Sog‘liqni nazorat qiladi

«Shagomer» («Vaznni kamaytirish uchun qadam o‘lchagich»)

Agar kun bo‘yi «Shagomer» o‘rnatilgan telefoningiz cho‘ntagingizda bo‘lsa, bilingki, sizning har qadamingiz nazoratda. Vazningizdan kelib chiqib sarflagan kaloriyangiz hisoblanadi va tana massasi indeksi aniqlanadi. Natijalari esa qulay ko‘rinishda, diagrammalarda ko‘rsatilib, foydali maslahatlar beriladi.

«Moya voda» («Mening suvim»)

Ichilgan suv trekeri sermahsullikni ta’minlab, organizmning jismoniy holatini yaxshilashga xizmat qiladi. Buning uchun esa yetarli miqdorda suv ichish kerak. Kunlik minimum, tana vaznidan kelib chiqib, individual ravishda hisoblanadi. Buning uchun menyuda kerakli ichimlik va uning miqdori tanlansa kifoya.

«MyFitnessPal»

Kaloriyalarni hisoblovchi eng oddiy va qulay vosita. Undagi oziq mahsulotlari ro‘yxati 6 milliondan ortiq pozitsiyani ichiga oladi. Ro‘yxat katta bo‘lgani bilan kerakli ovqatni topish qiyinmas: nomi yozila boshlasa tayyor kalit so‘zlar paydo bo‘ladi.

Moliyaviy hisobotlarni zimmasiga oladi

«Monefy»

Bu ilova bo‘limlarga taqsimlagan holda sizning xarajatlaringizni hisoblab boradi. Yozuvlar shu zahoti doira shaklidagi diagrammalarga aylanadi. Xarajatlarning alohida toifasini tuzishingiz, shuningdek daromadlaringizni kiritib borishingiz mumkin. Turli qurilmalardan kirishni ta’minlash uchun «Dropbox» orqali sinxronlashtirish ko‘zda tutilgan.

«CoinKeeper»

G‘aroyib interfeysli moliyaviy ko‘makchi. Unda daromad va xarajatlar hamyondagi tangalarni tegishli bo‘limga o‘tkazish orqali qayd etiladi. Pul tushumi ham shunday. Ilova turli banklardan kelgan SMS-xabarlarni avtomatik ravishda aniqlab, guruhlay oladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring