Sirdaryoda navbatdagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ishga tushdi
Yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersportni ommalashtirish, bu sohada mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan bosqichma-bosqich raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil qilinmoqda.
Shunday o‘quv markazlarning navbatdagisi Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida ochilib, o‘z ish faoliyatini boshladi. Muassasa viloyatda tashkil etilgan o‘n birinchi o‘quv markazi hisoblanib, Respublikada birinchilardan bo‘lib Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Markazning ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi, IT-park Sirdaryo filiali vakillari, Sirdaryo tuman hokimi va hokimlik mutasaddilari, mahalla faollari, umumta’lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Shinam xonalarga ega bo‘lgan yangi markaz zamonaviy kompyuter jihozlari, yuqori tezlikda ishlovchi internet tarmog‘i bilan ta’minlangan. Bu yerda tuman yoshlari uchun raqamli texnologiyalar, dasturlash asoslari, robototexnika bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilinadi.
Shuningdek, markazda ushbu tuman korxona va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha malakasini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter