Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Havo ifloslanishi oqibatida har yili besh yarim million kishi vafot etadi

Havo ifloslanishi oqibatida har yili besh yarim million kishi vafot etadi

Foto: «Newsline»

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bazasidagi elektron hukumat, elektron sog‘liqni saqlash, elektron ta’lim, jamiyatni boshqarishda kompyuter usullaridan foydalanish singari tizimlarga allaqachon o‘rganib qoldik.

So‘nggi yillarda AKTni qo‘llash borasida yana bir istiqbolli yo‘nalish — atrof-muhitni elektron muhofaza qilishni ishlab chiqish boshlandi. Bu soha rivojlanishni endigina boshladi, ammo AKT asosida ekologik nazoratni amalga oshirish davlat boshqaruvining elektron tizimi singari unchalik murakkab emas.

Iqlim o‘zgarishlari bilan to‘qnashuv

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, atrof-muhitning ifloslanishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar tufayli har yili sayyoramizda kamida besh yarim million kishi vafot etadi.

2050-yilda bu raqam 6 million kishidan ortib ketishi aytilmoqda. Shundan teng yarmi Hindiston va Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Iflos havo oqibatida 2013-yilda Xitoyda 1 million 600 ming, Hindistonda bir yarim millionga yaqin, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 300 mingga yaqin kishi vafot etgani aytiladi.

JSSTning Onkologik kasalliklarni o‘rganish xalqaro agentligi (IARC) 2013-yil e’lon qilgan hisobotda esa havoning ifloslanishi saraton kasalligining asosiy sababchisi ekani ta’kidlanadi.

AKT ko‘magiga suyanamiz

Demak, butun dunyo iqlim o‘zgarishlari oqibatlari bilan allaqachon to‘qnash kelib turibdi. Jahonning ko‘plab mamlakatida havoning ifloslanishi bilan bog‘liq og‘ir vaziyat hukm surayotgan bir davrda AKTdan foydalanish iqlim o‘zgarishlariga moslashishga va uning oqibatlarini yumshatishga yordam berishi mumkin.

Nisbatan arzon masofaviy zondlashtirish texnologiyalari, sun’iy yo‘ldoshlar va hatto mobil telefonlar issiqxonalar gazlari chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirishda ekologlarga atrof-muhit holatini monitoring qilish va ularni boshqarishga yordam beradi. Shu bois atrof-muhitni elektron muhofaza qilish g‘oyasi juda katta ahamiyatga egadir.

Xalqaro elektraloqa ittifoqi boshqarishning elektron usullari, ekologik barqarorlikni ta’minlashda AKTdan foydalanish nuqtai nazaridan mamlakatlar tayyorlik darajasini baholash uchun turli ko‘rsatkichlarni birlashtirish masalalari bo‘yicha BMT tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida Atrof-muhitni elektron himoya qilish uchun tayyorlik indeksi (EERI)ni ishlab chiqqan.

EERI doirasidagi ko‘rsatkichlar tarkibiy indeks sifatida AKT infratuzilmasi, inson salohiyati, dasturiy ta’minot, tabiatni elektron muhofaza qilish dasturlari, shuningdek, milliy siyosat va tashabbuslar, bioxilma-xillikni rag‘batlantirishga qaratilgan yo‘nalishlar, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, jamoatchilikning xabardorlik darajasini oshirish va bu ko‘rsatkichlarning uzoq muddatli istiqbollari kabi jihatlarni hisobga olish atrof-muhitni elektron himoya qilishga tayyor ekanligini ko‘rsatadi.

EERIning dastlabki natijalari MDH mamlakatlari tayyorgarlikning turli darajalarida ekanligini ko‘rsatmoqda, lekin ko‘plab davlatlarda hukumat va aholining yuqori darajada xabardorligi haqidagi ma’lumotlar bu boradagi muhim qadamni anglatadi.  

Atrof-muhitni elektron muhofaza qilish sohasidagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun eng muhimi yetarli infratuzilmaga, inson salohiyati va siyosiy muhit qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lish talab etiladi. MDH mamlakatlarining ko‘pchiligida global xalqaro hamkorlikda muhim hisoblangan ekologik rejalashtirish faoliyati uchun hali inson va institutsional salohiyat kam. Shu bois, masalan, Belarus turli xalqaro ekologik dasturlarda faol ishtirok etyapti. Ammo, atrof-muhit masalalarini mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi siyosatining asosiy yo‘nalishlariga kiritish muammoli bo‘lib qolayotir. Shuning uchun atrof-muhitni elektron muhofaza qilish g‘oyalarida tabiatni himoya qilishda AKT yordam berishi mumkin bo‘lgan sohalar tahlili bilan bir qatorda eng keng tarqalgan usullardan foydalanish juda muhimdir.

Toza hudud sari

Mamlakatimizda ham atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar va ularni amaliyotda qo‘llash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi dolzarb masalalarni hal etishda AKTning roli, ahamiyati va istiqbollarini baholash, jumladan, zamonaviy AT-yechimlar va geoaxborot tizimlaridan foydalangan holda atrof-muhit holatining davlat monitoringi axborot bazasini shakllantirish va yagona davlat kadastrini yuritish kabi masalalar bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti.

Chunonchi, atrof-muhitni muhofaza qilish jarayonida AKTni rivojlantirishni jadallashtirishga, shuningdek, ulardan samarali hamda keng foydalanishga doir qator qonunlar va huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Bu sohada, xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi, «Radiochastota spektri to‘g‘risida»gi hamda boshqa qonunlardan keng foydalanilyapti. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 21-apreldagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim rol o‘ynamoqda.

Farmonga ko‘ra, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunuvchi va hisobot beruvchi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga aylantirildi. Uning zimmasiga bir qancha muhim vazifalar yuklatilib, yangi tuzilmalari tashkil etildi. Jumladan, qo‘mita va joylardagi boshqarmalarning markaziy apparatlarida chiqindilar hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilish inspeksiyalari hamda bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyalari tuzildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda viloyatlardagi boshqarmalar huzurida «Toza hudud» davlat unitar korxonalari, tuman-shahar hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining chiqindilarni olib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan uchastkalari negizida ularning filiallari tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.

Sayyoramizdagi havo barcha insonlarga tegishli ekanligini anglab yetadigan payt yetib keldi. Biz havoning tozaligi uchun mas’uliyatni his etishimiz kerak.

Dana Lumis, JSST Onkologik kasalliklarni o‘rganish xalqaro agentligi vakili

Hozirgi sharoitda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha muhim davlat dasturlarini bajarish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, biologik xilma-xillikni saqlash, ekotizimlarning ekologik barqarorligini ta’minlash va qulay yashash muhitini shakllantirish uchun AKT sohasidagi turli texnik vositalar va yo‘nalishlar, jumladan, geoaxborot tizimlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Bunday tizimlardan foydalangan holda hududni turli zonalarga ajratish, tuproq, iqlim, biologik xilma-xillik, demografik holat va shu kabi boshqa ma’lumotlarni yig‘ish va elektron shaklga o‘tkazish tabiatni muhofaza qilish tadbirlarining samaradorligini oshiradi. Bunday tizimlarni qo‘llashning yana bir keng tarqalgan sohasi, bu — atrof-muhitning holatiga tegishli asosiy ko‘rsatkichlarni o‘zida aks ettiruvchi xaritalarni yaratishdan iborat bo‘lib, bunday xaritalardan flora va fauna elementlari degradatsiyasining ko‘lami va tezligini aniqlashda foydalanish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, o‘zimiz yashab turgan, farzandlarimiz kamol topayotgan shu kurrai zaminni muhofaza qilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish jarayonlarini rivojlantirishning istiqboldagi yo‘nalishlari, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish va mazkur sohadagi huquqni qo‘llashni tartibga solishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, sohani yuqori malakali xodimlar hamda ilg‘or texnologik uskunalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.

Ozodaxon Yo‘ldosheva, TTESI «Mehnat muhofazasi va ekologiya» kafedrasi mudiri, dotsent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring