Rasman: Roskomnadzor «Telegram»ni bloklashni to‘xtatdi
Roskomnadzor matbuot xizmati «Telegram» messenjeriga qo‘yilgan barcha cheklovlar bekor qilinganini ma’lum qildi. Idora saytida xabar berilishicha, RF Bosh prokuraturasi bilan o‘zaro kelishuv asosida shu qarorga kelingan.
Roskomnadzor «Telegram» asoschisi Pavel Durovning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishga tayyorligini yuqori baholashini ma’lum qildi.
Durov 4-iyun kuni Rossiya hukumatiga qilgan murojaatida messenjerni bloklashni to‘xtatishni so‘rab, «Telegram»ning Rossiyadagi 30 million foydalanuvchisiga servisdan yanada qulay foydalanishga imkon berishga chaqirgandi.
15-iyun kuni Rossiya Davlat dumasiga messenjerni Rossiya Federatsiyasi hududida bloklashni to‘xtatish to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi kiritilgandi. Hujjat mualliflari koronavirus epidemiyasi paytida rossiyalik amaldorlar «Telegram»dan ochiqchasiga va rasman asosiy axborot resurslaridan biri sifatida foydalanishganini ta’kidlashgan.
Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov tomonidan asos solingan «Telegram» messenjeri Rossiyada 2018-yilning 13-aprelidan bloklana boshlagandi. Bunga Durov messenjer foydalanuvchilarining o‘zaro yozishmalari shifrlari kalitlarini Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan bo‘lishishga rad javob berishini sabab bo‘lgandi. Roskomnadzor «blokadasi» davrida millionlab IP-manzillar, xususan, «Amazon» tubtarmoqlarida joylashganlari ham yopib qo‘yilgandi. Idora bulardan bloklashni chetlab o‘tishda foydalanilganini ta’kidlagan. Ko‘p sonli bloklashlarga qaramasdan, «Telegram» Rossiya hududida faoliyatini nisbatan barqaror davom ettirib kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter