«Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi»ning funksiyalari belgilandi
«O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi ayrim tashkilotlarning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Hukumat qarori (409-son, 25.06.2020-y.) qabul qilindi.
Qaror bilan «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi» va «Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi» davlat muassasalarining funksiyalari belgilandi.
Jumladan, «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi»ning asosiy funksiyalaridan biri elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash, shu jumladan loyihaviy-texnik hujjatlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish hisoblanadi.
«Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi»ning asosiy funksiyalaridan biri davlat organlari va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatida raqamli iqtisodiyotni keng joriy etishda yuzaga keladigan muammolarni o‘rganish, tahlil qilish va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar tayyorlashdan iborat.
Qaror bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Vazirlik) huzurida «Binolardan foydalanish va kapital qurilish direksiyasi» davlat muassasasi tashkil etildi.
Direksiyaning asosiy vazifalaridan biri Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashda buyurtmachi vazifasini bajarishdan iborat.
Markazlar va Direksiya xodimlarining mehnatini moddiy rag‘batlantirish, Vazirlik bilan kelishgan holda ularning nizomlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda, ushbu nizomlarda xodimlarning lavozim maoshlariga 100 foiz qo‘shimcha oylik ustama qo‘llanilishi nazarda tutiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter