Qoraqalpog‘istonlik yosh mutaxassis «Android» amaliy tizimida ishlaydigan Geoaxborot tizimini ishlab chiqdi
Mazkur texnologiya yer monitoringini yuritishni yengillashtirish, tizimni yangi texnologiyalarga mos ravishda rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi texnologiya yer tuzish sohasida uylab topilgan g‘oyat muhim ixtirodir. Bu haqida «O‘zA» muxbiri ma’lum qildi.
Xo‘sh, yangi ixtiro qaysi jihatlari bilan ahamiyatli? Uning afzalligi va samaradorligi nimalarda ko‘rinadi?
– Yer monitoringini yuritishda an’anaviy amallar o‘z ahamiyatini yo‘qotdi, – deydi yosh mutaxassis Ruslan Genjebayev. – Hozirgi davrda har bir soha yangi texnologik muvaffaqiyatlarga mos ish faoliyatini qayta ko‘rib chiqishi zarur. Geoaxborot tizimi – GIS barcha tarmoq kadastrlari ma’lumotlarining yer kadastri bazasida elektron tarzda operativ yig‘ilishi, tizimlashtirilgan tarzda yangilanib borishi va foydalanilishini ta’minlab beradi.
Hozirgi davrda yer monitoringi borasida tayyorgarlik ishlari ma’lumotlar yig‘ish, xaritaga tushirish, dala ishlarida tegishli hajmdagi katta xaritalarni dalalarda ochib mo‘ljal olish, yer ahvolini unga tushirish, o‘lchov ishlarini amalga oshirish, o‘lchamlarni xaritaga tushirish, hisoblash, sarhisob qilish ishlari birmuncha qiyinchiliklar tug‘diradi va ko‘p vaqtni oladi. Yangi dastur esa shu bu jarayonlarni avtomat tarzda tezkor amalga oshirish imkonini beradi.
Dala sharoitida katta hajmdagi xaritani olib yurishga muhtojlik qolmaydi, mo‘ljal olish muammosi bo‘lmaydi. Mutaxassisning turgan joyi, yurgan yo‘li, yo‘nalishi avtomat tarzda navigator tomonidan ko‘rsatib boriladi. Loyihada xaritani hohlagan masshtabga keltirib foydalanish, agar yer ahvolida o‘zgarishlar ro‘y bergan bo‘lsa, internetga chiqmasdan loyihaning o‘zida o‘rnatilgan fazoviy tasvirdan foydalanish mumkin.
Dalalarda yurgan paytda o‘zgarishlarni, maydonlarning ahvoli yoki agrotexnik choralar, ularga ekilgan ekinlar to‘g‘risida ma’lumotlarni kiritib borish, dalada GPS orqali elektron tarzda o‘lcham ishlarini olib borish, so‘ngra hisob-kitob ishlarini amalga oshirish, hattoki, masofadan turib markazlashgan bazaga informatsiyani yig‘ish, tegishli manzilga yuborish, ma’lumotlarni ArcGIS, Mapinfo singari maxsus dasturlarda qayta tahlil qilish imkoniyatlari bor.
Yangi dastur sohada shu kungacha foydalanilib kelinayotgan xorijiy uskunalardan samaradorligi bilan ajralib turadi. Jumladan, ayni paytda ish jarayonida foydalanilib kelinayotgan yer o‘lchashga mo‘ljallangan GPS Pro Mark-4, StoNEX uskunasida fazoviy tasvir olish, qishloq xo‘jaligi xaritalarini joylashtirish imkoni yo‘q. Ularning bahosi birmuncha qimmatligi, katta o‘lchamga egaligi, og‘irligi va quvvatlash ko‘p vaqtni olishi bilan ishlashda bir qator qiyinchiliklar tug‘diradi.
Dastur hozirgi vaqtda har bir mutaxassis foydalanib kelayotgan Android amaliy tizimidagi telefon uskunasida ishlaydi. Telefonlardagi boshqa dasturlar yoki uyinlar singari oson boshqariladi, o‘rganish ham juda oson.
Geoaxborot tizimi – GIS bevosita sun’iy yo‘ldosh orqali hamisha aloqada bo‘lish imkonini yaratar ekan, demak uzoq yo‘lga chiqqan, tanish bo‘lmagan manzilga ketayotgan oddiy fuqaro ham uni telefoniga o‘rnatib olishi mumkin.
Xo‘sh, dastur amalga tatbiq etildimi? Undan barchamiz foydalanishimiz mumkinmi?
Mutaxassislarning fikricha, bu dasturdan nafaqat yer tuzish sohasida, tabiatni himoya qilish qo‘mitasi, o‘rmon xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, transport va turizm sohalarida ham samarali foydalanish mumkin. Dastur hozircha tajriba sifatida o‘rganilmoqda, to‘liq foydalanishga quyilmadi.
Dastur «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi va «O‘zdaverloyiha» instituti tomonidan ko‘rib chiqilib, rasmiy foydalanishga tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.
– «GIS» dasturi yer tuzish sohasi mutaxassislari uchun katta ahamiyatga ega, – deydi «O‘zdaverloyiha» instituti Qoraqalpog‘iston bo‘linmasi guruh boshlig‘i Orazbay Yerejepov. – Nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo miqyosida katta yangilik bo‘lishi kutilayotgan bu dasturning internetga aloqa o‘rnatish mumkin bo‘lmagan dala maydonlarida, dengizda xizmati bebaho. Ya’ni uskunaning offlayn ishlashi juda ahamiyatlidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter