Pavel Durov «Telegram» bloklanishiga rozimi?
«Telegram» messenjeri asoschisi Pavel Durov Rossiya sudida o‘z servisini himoya qilish niyatida emas. Bu haqda «Agora» xalqaro huquqni himoya qilish guruhi rahbari, messenjerni sudda himoya qilishi kerak bo‘lgan advokat Pavel Chikov o‘z blogida ma’lum qildi, deb xabar beradi «NV.ua».
«Pavel Durov o‘z advokatlariga 13-aprel kuni «Roskomnadzor»ning da’vosi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan sud ishida qatnashmaslik borasida topshiriq berdi», — deb yozadi Chikov.
Advokatning so‘zlariga qaraganda, «Telegram» messenjerini javob beruvchi sifatida emas, balki manfaatdor shaxs sifatida bloklash ishiga jalb qilingan.
«Telegram» — xorijiy kompaniya bo‘lib, vakilining vakolatlari shunchaki qog‘ozli ishonchnoma ko‘rinishida emas, balki apostil va boshqa logistik hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan. Shunday ekan, sudning birgina qo‘ng‘irog‘iga yetib borishga hech kim tayyor ham, majbur ham emas», — deya ta’kidlaydi Chikov.
Eslatib o‘tamiz, «Roskomnadzor» idorasi «Telegram» tomonidan shifrlash kalitlari berilmagani uchun messenjer axborot resurslariga kirishni cheklash bo‘yicha sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan edi. Sud majlisi bugun bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter