Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz: Boshqaruv raisi sohada raqamli texnologiyalarning tadbiq etilishi va konlarni raqamlashtirish ishlari holati va dispetcherlik xizmati faoliyati bilan tanishdi (foto+video)

«O‘zbekneftgaz: Boshqaruv raisi sohada raqamli texnologiyalarning tadbiq etilishi va konlarni raqamlashtirish ishlari holati va dispetcherlik xizmati faoliyati bilan tanishdi (foto+video)

Foto: «O‘zbekneftgaz»

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev Jamiyatning Boshqaruv apparatida tashkil qilingan zamonaviy markazlashgan ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Kompaniya matbuot xizmati xabar berishicha, qisqa vaqt davomida amalga oshirilgan avtomatlashtirilgan gaz hisobini nazorat qilish ASKUG loyihasi hamda loyiha doirasida bajarilgan ishlar yuzasidan mas’ullar axboroti tinglandi.

Bunda, gaz hisobini nazorat qilish avtomatlashtirilgan axborot tizimi qazib chiqarish va uni qayta ishlash boshqarma va zavodlaridan «O‘ztransgaz» AJga tijorat gaz uzellaridan uzatilayotgan gaz sarfini onlayn tarzda nazorat hamda boshqaruvini olib borish borasida amalga oshirilgan ishlar holati o‘rganildi.

Boshqaruv raisi qazib chiqarish va qayta ishlash boshqarmalari va zavodlaridagi texnologik qurilmalardagi jarayonlarni real vaqt rejimida nazorat qilish monitoringini olib borish bo‘yicha yaratilgan avtomatlashtirilgan tizimga oid ko‘rsatmalar berdi.

Yuqoridagi ishlarni amalga oshirish natijasida tizimdagi tezkor ma’lumotlarning shaffofligi oshib, inson omili bilan bog‘liq bo‘lgan faktorlarning oldi olinishi uchun ushbu avtomatlashtirilgan tizim zarurligi qayd etib o‘tildi.

Bundan tashqari, xorij tajribasini o‘rgangan holda, ushbu tizimni yanada takomillashtirish, kengaytirish hamda barcha korxona va tashkilotlar bo‘yicha ma’lumotlarni yagona bazada shakllantirgan holda nazoratni olib borish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Xususan, Axborot kommunikatsiya texnologiyalari departamenti faoliyatini yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni tizimli ravishda hal etish, departament tasarrufida dasturchilar markazini yaratish, tashkilot faoliyatini yanada avtomatlashtirish yuzasidan tegishli dasturlar, axborot tizimlari, platformalarini yaratish, yangi innovatsion texnologiyalarni qo‘llash yuzasidan takliflar ishlab chiqish kerakligi belgilandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev sohaga raqamli texnologiyalarni tadbiq etish, uglevodorod konlarini raqamlashtirish va qazib chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish borasida olib borilayotgan ishlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Jumladan, Konlarni ishlatish departamenti qoshida tashkil etilgan «Uglevodorod konlarini modellashtirish va ma’lumotlar bazasini yuritishni monitoring qilish bo‘limi»ning faoliyatiga doir masalalarni muhokama qilib, bo‘lim mutaxassislari bilan ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar borasida suhbatlashdi.

Ushbu markaz hozirda Respublikada yangidan barpo etilgan neft va gaz konlarini raqamli 3D formatda modellashtirish bo‘yicha yagona markaz bo‘lib, u eng zamonaviy kompyuterlar, dasturiy ta’minotlar va serverlar bilan jihozlangan.

Markazda ushbu tizim imkoniyatlaridan oqilona foydalanish hamda olingan natijalarni ishlab chiqarishga samarali tadbiq etishni tashkillashtirish maqsadida yuqori darajada qulay shart-sharoitlar yaratilgan.

2020 yilda ushbu markaz mutaxassislari tomonidan 5200 dan ortiq quduqlar bo‘yicha 350 mingdan ortiq ma’lumotlar, 1300 km. dan ortiq 2D hamda 2500 km.kv hajmdagi 3D seysmik-qidiruv ishlarining ma’lumotlari raqamlashtirildi va yagona milliy ma’lumotlar elektron bazasiga kiritildi.

Raqamlashtirilgan ma’lumotlar asosida 100 ta konning raqamli 3D-geologik hamda 10 ta konning 3D-gidrodinamik modellari yaratildi va hozirda ular bosqichma-bosqich ishlab chiqarishga tadbiq etilmoqda.

Ushbu ishlarni amalga oshirish maqsadida PETREL, TECHLOG, ECLIPSE, INTERSECT, MERO, PIPESIM, IAM va PROSOURCE kabi eng zamonaviy dasturiy ta’minotlarining imkoniyatlarini keng ko‘lamda jalb etish orqali amalga oshirilmoqda.

Ushbu jarayonlarda neft va gaz quduqlarining ish rejimini tartibga solish, burg‘ulanadigan yangi quduqlarning o‘rnini aniqlash, maxsuldor qatlamlar ish samaradorligini oshirish kabi bir qator dolzarb masalalar tezkor ravishda o‘z yechimini topmoqda.

Shuningdek, Boshqaruv raisi Ustyurt hududida joylashgan «Quyi Surgil» va «Sharqiy Berdax» konlarning yangi raqamli-geologik modellarini yaratish jarayonlari va ular asosida «Quyi Surgil» konidagi 20-, 21- hamda «Sharqiy Berdax» konidagi 96 sonli quduqlarini burg‘ilash o‘rnini aniqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdi.

Mehriddin Abdullayev modellashtirish ishlarini konlardagi mavjud barcha geologik ma’lumotlar, shu jumladan 3D seysmik ma’lumotlar, quduqlardan olingan burg‘ilash va geofizik tahlillar natijalari asosida yaratish lozimligini va bu orqali uglevodorod qazib chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan quduqlarni burg‘ilash borasidagi yangi takliflar ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor berish zarurligini ta’kidladi.

O‘rganishlar yakunida «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi soha mutaxassislariga bu borada boshlangan ishlarni jadallashtirish maqsadida joriy yilda 5 ta konning 3D-geologik, 24 ta konning 3D-gidrodinamik va 19 ta konning yangi 3D-tarmoq modellarini yaratish borasida zarur ko‘rsatmalarni berdi.

Belgilangan raqamlashtirish ishlarining samarali amalga oshirilishi Respublika aholisi va iqtisodiyoti tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika resurslariga nisbatan tobora oshib borayotgan talabini qondirish maqsadida uglevodorod qazib chiqarish hajmlarini oshirishga katta hissa qo‘shishi alohida ta’kidlandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan sohani raqamlashtirish va bu orqali uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni qo‘paytirish yo‘nalishlarida amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring