O‘zbekistonda yigitlar IT mutaxassisi bo‘lishni istaydi — tadqiqot
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari farzandlar tarbiyasi va ularning kasb tanlashida ota-onalarning roli, shuningdek, buning betashvish keksalik gashtini surishdagi ahamiyatini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazdi.
Tadqiqot doirasida 10 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ota-onalari ishtirokida so‘rov ham o‘tkazildi. Unda 2100 kishi ishtirok etdi. Respondentlarning 72 foizini ayollar, 28 foizini erkaklar tashkil etdi. Ta’lim darajasi bo‘yicha ularning 4,6 foizi ilmiy darajaga, 36,1 foizi oliy ma’lumotga, 21,2 foizi o‘rta, 38,2 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 28,7 foizi keksa ota-onasi bilan yashashi ma’lum bo‘ldi.
Farzandlaringiz tarbiyasiga kim ko‘proq ta’sir qiladi, degan savolga ota-onalarning 41,6 foizi ona, 27,4 foizi ota, 9,3 foizi bobo va buvilar, 8,1 foizi aka-opalar, 7,3 foizi o‘qituvchilar, 3,7 foizi begonalar va 2,5 foizi boshqa qarindoshlar, deb javob berdi.
So‘rovda ishtirok etganlarning aksariyati (80,2%) farzandlarini ma’lum kasb bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib, elga taniladigan inson sifatida ko‘rishi ma’lum bo‘ldi. Moddiy ta’minlanganlik va mulk egasi bo‘lishi ikkinchi orzu bo‘lib qolmoqda (7,9%). Ushbu savolning javoblari ota-onalarning millati va ma’lumot darajasi, farzandning jinsi bo‘yicha farq qilmaydi.
Aksariyat ota-onalar (95,8 foiz) farzandlari kelajagi borasida o‘zaro maslahatlashgan. 88,3 foiz holatda ularning fikri bir joydan chiqqan bo‘lsa, 7,2 foiz holatda fikrlar keskin farqlangan.
So‘rovnoma javoblari shuni ko‘rsatdiki, ota-onalar farzandlari kelajagini rejalashtirishda bolalarning fikriga ham e’tibor bermoqda. Ota-onalarning 97,9 foizi o‘z farzandlari bilan ushbu mavzuda suhbatlashgan bo‘lib, 86,3 foizi farzandlarining tanlovini ma’qullagan, 11,1 foizi qisman ma’qullagan, 1,3 foizi esa qoniqmagan.
So‘rovnoma javoblariga binoan, yoshlarda tibbiyot yo‘nalishidagi kasblarga (15,5 foiz) qiziqish kattaligi aniqlandi. Keyingi o‘rinlarni o‘qituvchi (9,7 foiz), IT mutaxassisligi (9,3 foiz), iqtisodchi (sohalar bo‘yicha) (8,2 foiz), tadbirkor (7,7 foiz) kabi kasblar egalladi. Respondentlarning 2,5 foizi farzandlari kelajakdagi kasbi haqida hali qarorga kelmaganini ta’kidlagan.
Qizlar ko‘proq shifokor (16,3 foiz) va o‘qituvchi (13,8 foiz) kasblarini tanlagan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar birinchi o‘rinda IT mutaxassisligi (18,7 foiz), keyin esa shifokor (13,7 foiz), iqtisodchi (13,2 foiz) va tadbirkor (11,2 foiz) kasblarini afzal ko‘rgan.
Farzandining kasb to‘g‘risidagi qarori qanday bo‘lmasin, ota-onalarning 81,6 foizi bu qarorni qabul qilishini, 12,7 foizi esa ushbu qarorni o‘zgartirish kerakligini iltimos qilishini aytdi.
Ota-onalarning 55,7 foizi farzandlariga nisbatan talabchanlik qilish, kerak bo‘lganda, yordam ko‘rsatish, 36,2 foizi nazorat qilish orqali tarbiya berish lozimligini, 6,4 foizi esa farzandlariga erkinlik berish kerakligini qayd etgan.
So‘rovda qatnashgan ota-onalarning 20 foizdan ortig‘i farzandlarining o‘qituvchilari bilan bir oyda bir marta muloqot qilishini, 16,4 foizi esa umuman muloqot qilmasligini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter