O‘zbekistonda yana bir ID tizimi joriy etiladi
Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2022-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi.
- Mobil-ID tizimi «Elektron hukumat» tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;
- shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra davlat xizmatlari markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining (keyingi o‘rinlarda – YIDXP) mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi;
- Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qo‘l barmog‘i izi olinadi va mobil telefon raqami YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga bog‘lanadi;
- Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan YIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo‘llaniladi hamda mobil telefon raqami YIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bog‘lanadi;
- bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar to‘lov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi;
- Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin;
- fuqaroning YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga ko‘ra va belgilangan to‘lovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter