O‘zbekistonda abonent raqamini saqlagan holda aloqa operatorini o‘zgartirish xizmati ishga tushdi
Mobil operatorlar o‘rtasida keskin raqobat paydo bo‘lmoqda. Endilikda abonent raqamingizni o‘zgartirmasdan istalgan kompaniyaga o‘tib ketishingiz mumkin bo‘ladi!
Bugun, 27 oktyabr kuni «ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023» axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati (MNP) ishga tushirildi.
Xizmatning ishga tushirilishi mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari o‘rtasida sog‘lom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi.
Uning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin.
Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga ko‘chganda o‘z abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi. Bu raqam yo‘qotilishining oldini oladi hamda aloqa operatorlari tomonidan raqam resurslaridan yanada oqilona foydalanilishiga xizmat qiladi.
Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar o‘zi o‘tishni hohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat etadi hamda mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim kartani olib ketadi.
Shuningdek, kelgusida abonentlarga qulaylik yaratish maqsadida masofadan turib, onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali abonent raqamini ko‘chirishga ariza yuborish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda Beeline, Mobi.uz, Ucell, UZTELECOM, Humans kabi 5 ta mobil aloqa operatori faoliyat ko‘rsatadi. Ular tomonidan mijozlarga mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Agar xizmatdan foydalanib, mobil aloqa operatori o‘zgartirilsa, ko‘chirilgan raqamlar o‘z shaklini va ko‘rinishini saqlab qoladi.
Shuningdek, mobil aloqa operatori o‘zgartirilganda, ko‘rsatilayotgan xizmat sifati qoniqtirmasa, 30 kalendar kunidan so‘ng dastlabki yoki boshqa operatorga qayta o‘tish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUKga ko‘chib o‘tgan raqamlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash to‘g‘risidagi ma’lumotlarning markazlashtirilgan bazasini shakllantirish va ishlashini ta’minlash vazifalari yuklan edi. O‘tgan vaqt davomida «O‘zTTBRM» DUK tomonidan belgilangan barcha tashkiliy ishlar to‘liq amalga oshirilishi natijasida yuqorida ta’kidlangan xizmat yo‘lga qo‘yilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter