Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston IT-sanoatiga xorijlik sarmoyadorlar qiziqish bildirmoqda

O‘zbekiston IT-sanoatiga xorijlik sarmoyadorlar qiziqish bildirmoqda

«Exadel Inc.» korporatsiyasi vakillari.

Foto: «Mitc.uz»

Bugun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida «Exadel Inc.» korporatsiyasi vitse-prezidenti Gregoriy Katsman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kompaniya vakillari ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib, bu yerdagi IT-bozorda hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Dasturiy ta’minot ishlab chiqarish uchun maqbul muhitni yaratish va axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga mas’ul «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi bugungi kunda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro kompaniyalar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish yuzasidan faoliyatini kengaytirmoqda. Jumladan, yuqori tajribaga ega «Exadel Inc.» korporatsiyasi ham yurtimizda faoliyatini tashkil qilishga qiziqish bildirmoqda.

Qizg‘in kechga uchrashuvda janob G.Katsman korporatsiya faoliyati hamda uni rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar xususida so‘zlab berdi.

O‘z navbatida, vazirlik rahbariyati mehmonlarga yurtimizda iqtisodiyot sohalariga yuqori texnologiyalarni joriy qilish, axborot texnologiyalari sohasi uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, xususan bir muddat avval ish boshlagan  «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazining ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda yosh dasturchilarni kompaniyalar amalga oshirayotgan loyihalarga jalb qilishning, ularni talabalik davridayoq ishga yo‘naltirishning zarurati qayd etildi. Bu boradagi ishlarda Innovatsiyalar markazi a’zolari tashabbusi bilan ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan malaka oshirish mashg‘ulotlari, ularni qo‘llab-quvvatlash ishlari ham alohida o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston tomoni «Exadel Inc.» korporatsiyasi bilan «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazining hamkori sifatida ishlashga har tomonlama tayyor ekanini bildirdi.

Korporatsiya delegatsiyasi O‘zbekistondagi tashrifi mobaynida Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Xalqaro Vestminster universiteti, Turin universiteti, Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika universitetlarida bo‘lib, ularning rektorlari bilan hamkorlik o‘rnatish yuzasidan muzokaralar olib boradi.

«Exadel Inc.» rahbariga hamrohlik qilayotgan «Technics and Communications JSC» kompaniyasi rahbari, janob Igor Fillipyonok ham O‘zbekiston IT-sanoatida faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qiziqayotganini ma’lum qilgan.

«Exadel Inc.» vakillarining O‘zbekistonga tashrifi haqida xabar bergan edik. Xorijlik mutaxassislar bugun «Mirzo Ulugbek Innovation Center» rezidentlari bilan ham uchrashdi. Ushbu uchrashuv tafsilotlari haqida «Xabar.uz»da xabar beramiz.

Eslatib o‘tamiz, «Exadel Inc.» — dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va IT-konsalting bilan shug‘ullanadigan xalqaro kompaniyadir. U 1998 yilda tashkil topgan. Bosh ofisi Kaliforniya(AQSh)da joylashgan. Kompaniya olti davlatda ishlab chiqarish markazlari hamda AQSh, Belarus, Ukraina, Litva, Rossiya va Polsha davlatlari shaharlarida 800 nafardan ortiq xodimiga ega. Kompaniya tashkil etilgan kundan boshlab dunyoning yirik kompaniyalari: Deutsche bank, Bank of America, eBay, Sears, Abn-AMRO Bank, RBS, Sears, SAMSUNG va boshqa kompaniyalar uchun 500 dan ortiq loyihani amalga oshirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring