Ogoh bo‘ling! One IDda qanday ma’lumotlar saqlanishini bilasizmi?
Elektron davlat xizmatlari – har tomonlama qulay. Shuning uchun ham kun sayin my.gov.uz dan foydalanuvchilar soni ortib bormoqda.
Elektron xizmatlarning afzalligi nimada?
- Avvalo, uzundan-uzun navbatlarda turmaslik;
- Aniq bir soatlarda ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun davlat tashkilotiga borishga alohida vaqt ajratmay, hujjat ishlarini va turli to‘lovlarni masofadan turib amalga oshirish;
- Eng muhimi, korrupsion holatlarga berham berish. Ya’ni bunda foydalanuvchi davlat tashkilotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki portal orqali murojaat qiladi;
- 24 soat davomida foydalanish mumkinligi;
- Yozma tasdiqlashga hojat yo‘qligi;
- Zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olish;
- Qo‘llab-quvvatlash xizmati mavjudligi;
- O‘rnatilgan to‘lov tizimlari;
- Xizmat olish natijasi bo‘yicha shikoyat qilish imkoniyati borligi...
...Xullas, bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin va bu kabi qulayliklarga raqamlashtirish orqali erishayotganimizni tan olamiz.
Katta ma’lumotlar bazalarining yaratilishi, elektron hukumat doirasidagi innovatsiyalarning barcha sohalarga kirib kelishi nafaqat hayot tarzimizni qulaylashtirdi, balki o‘zaro munosabatlarni ham osonlashtirdi. Biroq biz tarozi pallasida har doim ham qulaylik va xavfsizlik baravar turavermasligini unutmasligimiz kerak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda o‘rtacha 8 milliard moslama internetga ulangan ekan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, mana shu milliardlab qurilmalar egalarining ma’lumotlari xavfsizligi qanchalik kafolatlangan?
Kuniga yuz minglab dasturchilar aynan shu masala, ya’ni har tomonlama to‘liq himoyalangan va talablarga javob beradigan mahsulotlar yaratish ustida bosh qotirishsa-da, bir tarafdan kiberhujumchilar buzg‘unchilikning yangi yo‘llarini o‘ylab topishmoqda. Demak, xavf bor!!! Demak, bu mavzu har birimiz uchun dolzarbligicha qoladi.
Bugun One ID da qanday ma’lumotlar saqlanishi, mabodo u firibgarlar qo‘liga tushib qolsa, bu bizga qanchalik qimmatga tushishi hamda xavfsizlikni ta’minlashda nimalarga ahamiyat berish kerakligiga to‘xtalamiz.
«Ogoh bo‘lgan qurollangandir» deganlaridek, bugungi ma’lumotlarimiz va tavsiyalarimiz hamma uchun muhim!
Bilsangiz, One ID – bu nafaqat Yagona portal, balki ko‘plab davlat tashkilotlarining ma’lumotlar bazasidan xavfsiz foydalanish imkoniyatini beradigan Yagona identifikatsiya tizimidir.
Shuning uchun ham subsidiya, kredit, ko‘chmas mulk, kadastr kabi yuzlab xizmatlarga xavfsizlik nuqtai nazaridan murakkabroq login va parol bilan mustahkamlangan One ID tizimi orqali kiriladi.
Agar fuqarolarimiz shaxsni tasdiqlovchi pasport ma’lumotlari va telefon raqamini biriktirgan holda One ID tizimida ro‘yxatdan o‘tib qo‘yishsa, boshqalar ular nomidan ish yuritolmaydi. Hatto shaxsni tasdiqlovchi pasport ma’lumotlari begonalar qo‘liga tushib qolgan taqdirda ham. Chunki tiklashga urinish bo‘lganida, biriktirilgan telefonga albatta SMS ko‘rinishida yangi parol keladi. Faqat uni kimgadir berib yoki aytib qo‘ymaslik zarur.
Ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash uchun quyidagi tavsiyalarimizga qat’iy amal qiling:
- One ID dan ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz, buni aslo kechiktirmang (shundagina boshqa odamlar sizning nomingizdan ro‘yxatdan o‘tolmaydi) Unga o‘z raqamingizni biriktirib qo‘ying.
- Raqamingizga kelgan SMS kodlarni hech kimga bermang, aytmang va ko‘rsatmang.
- O‘z nomingizga bitta raqam oling va faqat o‘shandan foydalaning.
- Albatta, Elektron raqamli imzo oling va uni ishonchli joyda saqlang.
- Elektron raqamli imzo parolini hech kimga bermang.
- One ID tizimidagi akkauntingizni elektron raqamli imzoingiz bilan tasdiqlab qo‘ying. shunda Yagona portalning mobil ilovasida elektron raqamli imzo talab etiladigan xizmatlardan ham bemalol foydalana olasiz.
- Shaxsni tasdiqlovchi pasportingizdan nusxa olishlariga aslo yo‘l qo‘ymang.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda internet orqali bo‘layotgan kiberjinoyatlar soni ortayotgani va minglab odamlar firibgarlar tuzog‘iga ilinayotganini hisobga olib, fuqarolarimizni yana bir bor ogohlikka chaqiramiz. Shuningdek, Yagona portaldagi xizmatlardan shaxsan o‘zingiz foydalanishni o‘rganing, degan tavsiyani alohida eslatib o‘tamiz.
Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter